Yoz mavsumida kirish imtihonlari va magistratura imtihonlari bilan birga yana bir yirik tadbir – o‘qishni ko‘chirish imtihonlari o‘tkaziladi. Oxirgi yillarda xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga, mahalliy OTMlararo o‘qishni ko‘chirish istagidagi talabgorlar soni oshmoqda. 2016 yilda bir OTMdan ikkinchisiga yoki xorijdan mahalliy oliygohga o‘qishni ko‘chirish uchun jami 7,5 mingta ariza tushgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib esa bu raqam 22 barobarga oshib, 170 mingtani tashkil qilgan.

Qat’iylashtirilgan talab

Talab oshgani sabab “perevod”ga qo‘yilgan talablar va imtihonlar anchayin qat’iylashtirildi. 2022 yildan boshlab mahalliy OTMlardan o‘qishni ko‘chirishga faqat 2 ta holatdagina ruxsat beriladigan bo‘ldi:

  • talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
  • davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbari tavsiyasi asosida;

Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish imtihonlari esa qat’iylashtirilib, o‘tish ballari oshirildi. Xususan, kirish imtihonlari test bo‘ladigan yo‘nalishlar imtihonlari sobiq Davlat test markazi – hozirgi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan, kasbiy (ijodiy) imtihonlar esa OTMlarning o‘zida olinadigan bo‘ldi.

O‘tish balli qanday bo‘ladi?

O‘qishni ko‘chirish imtihonlarida o‘tish ballari har yili 15 iyulgacha Bilim va malakalarni baholash agentligi saytida e’lon qilinishi kerak. Masalan, o‘tgan yilgi o‘quv yili uchun tibbiyot OTMlariga o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish balli 129 ball etib belgilangandi. O‘tish ballari yo‘nalishlarga qarab farqlanadi.