Rossiya Adliya vazirligining “chet el agentlari” reyestri 2 iyun, juma kuni siyosatshunos Dmitriy Oreshkin hamda jurnalistlar Roman Super va Maksim Kuzaxmetovlarning ismlari bilan to‘ldirildi. Bundan tashqari, ro‘yxatga "Proyekt" surishtiruv nashri va Yaroslavl viloyatidagi "Yarnovosti" nashri kiritilgan.
Rossiya rasmiylari nuqtayi nazaridan Roman Super Rossiya hukumati qarorlari va ularning siyosati haqida "noto‘g‘ri ma’lumot" tarqatgan, shuningdek, Ukrainadagi urushga qarshi chiqqan.
Oreshkin va Kuzaxmetov urushga qarshi chiqqan hamda Ukraina hukumatini qo‘llab-quvvatlagan, shuningdek, boshqa "chet el agentlarning" materiallarini tarqatgan, deyiladi vazirlik ma’lumotida. O‘z navbatida, "Proyekt" va "Yarnovosti" nashrlari Rossiya hukumati faoliyati haqida "noto‘g‘ri ma’lumotlar" tarqatgan, deb xabar berdi Rossiya Adliya vazirligi.
"Proyekt" nashri xodimlarining ismlari ham ro‘yxatga kiritildi: Roman Badanin, Mixail Rubin, Katya Arenina, Vitaliy Soldatskix, Mixail Maglov, Polina Maxold, Boris Dubax, Sofiya Manevich. Shu bilan birga, reyestrga ikkita taxallus ham kiritildi, deya xabar beradi "Agenstvo" internet-nashri. “Proyekt”ga “chet el agent” maqomi berilishini sharhlar ekan, jurnalistlar Adliya vazirligi ilgari “nomaqbul tashkilotlar” ro‘yxatiga kiritilgan nashrni ushbu reyestrga birinchi marta kiritayotganini ta’kidladi.










