Tog‘li Qorabog‘ – xalqaro huquqqa ko‘ra Ozarboyjon hududi. Lekin uzoq yillar mobaynida Armanistonning da’vosi bilan ziddiyat va to‘qnashuvlar davom etdi. 2020 yilda 44 kunlik qonli urushdan keyin harbiy jihatdan ustunlikka erishgan Ozarboyjon amalda g‘oliblikka erishdi.

Dunyodagi geosiyosiy o‘zgarishlar Kavkaz mintaqasini ham chetlab o‘tmadi, Armaniston ham mojaroga nuqta qo‘ymoqchi va Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi deb tan olishi mumkinligi haqida bayonot berdi. Pashinyanning bu bayonoti nimani anglatadi? Kun.uz jurnalisti mavzu yuzasidan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— Ozarboyjon va Armaniston kelishuv ostonasida. Buning sababi dunyodagi geosiyosiy va geostrategik vaziyat bilan bog‘liqmi?

— Bu konfliktni faqat geosiyosat va geostrategiya bilan bog‘lash noto‘g‘ri, chunki uning turli qirralari mavjud. Bu mojaroning zamiri tarixga borib taqaladi, tarixda hech bir millat bir joyda muqim yashamagan, shuning uchun chegaradosh mamlakatlarda ko‘pincha bahsli hududlar va aholi punktlari bo‘ladi. Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi asosiy bahsli hudud – bu Tog‘li Qorabog‘. Bu hudud hatto sovet ittifoqi davrida ham Ozarboyjon hududi hisoblangan, biroq u yerda juda ko‘p sonli etnik armanlar yashab kelgan.

Hozirgi prezident Ilhom Aliyevning otasi Haydar Aliyev Tog‘li Qorabog‘da azaldan armanlar istiqomat qilganini, aholining qariyb 70 foizi armanlar ekanini tan olgan, lekin bu hudud sovet ittifoqi davrida ham Ozarboyjon hududi bo‘lgani hamda ittifoq parchalanganda ham butun dunyo u yerni Ozarboyjon hududi sifatida tan olganini aytgan. BMT – dunyodagi eng katta kadastr, unga qo‘shilayotgan mamlakatlar o‘z hudud va chegaralari to‘g‘risida ma’lumot beradi, bunda Tog‘li Qorabog‘ Ozarboyjonning rasmiy hududi sifatida tan olingan. Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin Ozarboyjon va Armaniston mazkur hudud uchun o‘zaro kurash olib boradi va Armaniston o‘zida ikkinchi Isroilni ko‘radi. Isroil davlati 1946-47 yillarda Falastin hududida tashkil topdi, keyin esa u Falastinning hududlarini o‘zlashtirishni boshladi, natijada bugunga kelib, Falastin deyarli yo‘q bo‘lib ketdi. Aynan mana shunday siyosiy loyiha Armanistonda ham paydo bo‘ldi, lekin davlatning qudratini ichki tartib va ichki resurslar belgilaydi, Armanistonda esa ular yo‘q edi.

Shuningdek, tashqi qo‘llab-quvvatlov ham juda muhim, masalan, AQSh Isroilni tashqaridan qo‘llab-quvvatlaydi. Albatta, Fransiya yoki boshqa mamlakatlarda Armanistonni qo‘llab-quvvatlovchilar bor edi, biroq ular xalqaro huquqni o‘z manfaatidan kelib chiqib talqin qiladigan yoki to‘g‘ri kelsa, uni inkor qiladigan darajada qudratli emas edi. Ozarboyjonda esa, aksincha, u tashqi siyosatda asosan AQSh va Isroilga oriyentir oladi. Lekin Ozarboyjon NATOga qo‘shilishni rejalashtirmaydi va bu Rossiyani doim tinchlantirib turadi, shuning uchun Kreml Bokuni o‘ziga dushman deb ko‘rmaydi.