Frontda amalda nimalar bo‘lmoqda?

4 iyun kuni va 5 iyunga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari Janubiy Donetsk yo‘nalishida, ya’ni Ukrainaning Donetsk va Zaporijjya oblastlari ma’muriy chegarasida, Vuhledar atrofida hujumga o‘tgan. RF mudofaa vazirligi buni «keng ko‘lamli hujumning boshlanishi» deb baholadi va hujumda ukrainlarning sakkiz bataloni (to‘rt-besh ming kishi) ishtirok etganini ma’lum qildi. Ammo drondan olingan va Rossiya mudofaa vazirligi va rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallarida tarqatilgan videoyozuvda tarkibi son jihatdan bitta rotanikidan ortiq bo‘lmagan (yuz kishi atrofida) kuchlar ishtirokidagi bir necha hujum qayd etilgan. Yozuvga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarining front chizig‘idan maksimal ilgarilashi bir yarim kilometrni tashkil etgan. Videoda aks etgan jang maydoni mana bu havoladagi joyga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari chindan ham bir qancha texnikalaridan ayrilgan: Rossiya tomoni e’lon qilgan videoda ukrainlarning yonayotgan zirhli mashinalari aks etgan; jangdan keyin rossiyalik harbiylar zarbaga uchragan va jang maydonida qoldirilgan International MaxPRO rusumli beshta avtomobilni videoga olishdi (boshqa so‘z bilan aytganda, Donetsk oblastining Velikaya Novoselka qishlog‘i atrofidagi kamida bitta uchastkada jang maydoni RF qurolli kuchlari nazorati ostida qolgan).

Shu bilan birga, «DXR»dagi ko‘zga ko‘ringan harbiy arboblardan biri, Vladimir Putin tomonidan Rosgvardiya rahbarining okkupatsiya ostidagi hudud bo‘yicha o‘rinbosari Aleksandr Xodakovskiyning aytishicha, Ukraina qurolli kuchlari yo‘nalishlardan birida «muvaffaqiyatga erishgan» — Velikaya Novoselka va Vuhledar o‘rtasida (hozircha tomonlardan hech biri bu hududdan video e’lon qilgani yo‘q). Xodakovskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrainlar radioelektron urush va bostirish vositalari bilan Rossiya bo‘linmalarining aloqalarini ma’lum vaqtga o‘chirib qo‘ygan, shundan keyin ular RF qurolli kuchlari saflarini buzishga muvaffaq bo‘lgan.