Ukrainaning Kaxovka gidroelektr stansiyasi (GES) butunlay suv ostida qoldi. Kiyev bayonotiga ko‘ra, 6 iyunga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar to‘g‘onni portlatib yuborgan. «Janub» mudofaa kuchlari rasmiy vakili Natalya Gumenyukning so‘zlariga ko‘ra, portlash Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumini to‘xtatish umidida qilingan. «Ular suv sathi maydonini oshirishga va Ukraina mudofaa kuchlariga daryoni kechib o‘tishga imkon qoldirmaslikka urinmoqda», dedi u. Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham shunday fikrda.

2022 yil 20 oktyabrida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa kengashida nutq so‘zlab, rossiyaliklar GES to‘g‘oni va agregatlarni minalashtirayotgani, terakt uchun «hamma narsani tayyorlab qo‘ygani»ni aytgan edi. Shu bilan birga, u agar rus qo‘shinlari GES to‘g‘onini portlatsa, «butun dunyoga urush e’lon qilishi» sifatida baholanishini ma’lum qilgandi.

«Bu harbiy ustunlik berishi dargumon»

Foto: Telegram / ROMAN_MROCHKO

Ukrainalik harbiy ekspert Oleksiy Xetman Kaxovka GES to‘g‘onini portlatishda harbiy ma’no bormi va bu Ukraina armiyasining hujum qilish qobiliyatiga ta’sir qiladimi, shular haqida tushuntirdi.

— «Ukrgidroenergo» kompaniyasi xabariga ko‘ra, Kaxovka GES butunlay vayron bo‘lgan va uni qayta tiklash mumkin emas. Uni vayron qilishda harbiy ma’no bormi?

— Hammasi aniq. Ular qirg‘oqlarni, shu jumladan, chap qirg‘oqni suvga bostirmoqchi. Ular Xerson hududidan hujum bo‘lishini kutmoqda. Ular asosiy zarba shu joyda bo‘lishi, biz Dnipro daryosini kechib o‘tishimiz haqida o‘ylashgan. Va gidroelektr stansiyaning portlashi, o‘ng qirg‘oq suv ostida qolishi, ruslar nuqtayi nazaridan, ular kutganidek, Xerson yaqinida hujumni qandaydir tarzda to‘xtatib qo‘yishi yoki hatto imkonsiz qilishi mumkin.

Biz qayerga hujum qilamiz – buni faqat harbiy-siyosiy rahbariyatimiz biladi. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Danilov aytganidek, hujumimiz qanday bo‘lishidan dunyoda faqat besh kishi xabardor. Ammo ular ehtiyot chorasini ko‘rishga qaror qilishgan. Menimcha, ular hujumimizni kutib qo‘rqib ketishdi.

Umuman olganda, bu qo‘shinlarimizni to‘xtata olmaydi, suv sathi tezda pasayadi. Prognozlarga ko‘ra, suv oqimi 20-40 soat ichida to‘xtaydi, u yerdagi suvlar oqib ketadi. Kaxovka GES balandligidagi farqlar taxminan 16 metrni tashkil etadi, suv toshqini bo‘ladi. Qaysi aholi punktlarini suv bosishi mumkinligi allaqachon aytilgan. Ammo global suv toshqini bo‘lmaydi. Suv bir necha kundan keyin qaytadi. Bu harbiy ustunlik berishi dargumon – ehtimol bir necha kunga berishi mumkin. Ekologik oqibatlar esa juda og‘ir bo‘ladi.