Keyingi haftalarda O‘zbekiston axborot maydonida ichki ishlar xodimlari tomonidan gumondor sifatida qo‘lga olinib, so‘roqlar davrida vafot etgan vatandoshlar haqida bir necha xabarlar tarqaldi.

O‘tgan hafta, misol uchun, poytaxtning Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan qo‘lga olingan 21 yoshli surxondaryolik Hafizullo Turg‘unboyevning jasadi chiqdi. Rasmiylarning aytishicha, Hafizullo to‘rtinchi qavatda joylashgan hojatxonaga borib kelishga izn so‘ragan va qochmoqchi bo‘lib, derazadan o‘zini tashlagan va halok bo‘lgan. Lekin jamoatchilik bu gaplarga ishongani yo‘q. Aksincha, IIB bergan ma’lumotlarga shubhalar kuchayib bormoqda.

Yoki, shu kunlarda Bo‘ka tumani IIB tergov bo‘limida 1989 yilda tug‘ilgan U.S. ismli yana bir vatandoshimiz vafot etgan. Bu o‘lim aniq qiynoqlar asosida bo‘lganini prokuratura tekshiruvlari tasdiqladi.

2016 yilga qadar, nolegitim hibsga olishlar, ta’qiblar va qiynoqlar – davlat siyosati edi. U davrda jamoatchilik tafakkurini, insonlarning shuurini qo‘rquv bilan boyitish – o‘sha ma’muriyatning vaziyatni nazorat qilish borasidagi siyosiy texnologiyasi edi. Lekin, bu boshqaruv modeli, O‘zbekistonni dunyo hamjamiyati oldida sharmanda qildi, mintaqada davlatning liderlik maqomiga juda katta zarba berdi, mamlakatning iqtisodiy va siyosiy rivojiga katta to‘g‘anoq bo‘ldi.

2016 yildan keyin ham, kuch ishlatar tizimlari tomonidan nolegitim qiynoqlar va ta’qiblar kuzatilmoqda, lekin keyingi yillarda O‘zbekiston davlatchiligida muhim narsa kuzatildi – ratsionalizm.

Ikkinchi ma’muriyat, ratsionalizmdan kelib chiqib, O‘zbekistonning komplekt manfaatlari yo‘lida, nolegitim repressiv mashinadan voz kechdi. Hokimiyat huquqiy davlatchilik tomon harakat qilmoqda. Lekin xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, huquqiy davlatchilik – bu faqat siyosiy iroda emas. Huquqiy davlat qurish uchun, albatta, kuchli siyosiy iroda kerak. Lekin undan tashqari juda katta urinishlar, intilishlar va tajribalarni o‘zlashtirish kerak bo‘ladi.

Misol uchun, ko‘plab huquqiy davlatlarda, inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan aholi punktida politsiyachi bo‘lib ishlashi mumkin emas. Chunki, u mahalliy aholini yaxshi taniydi, shu sabab qonunlar ijrosi borasida tanish-bilishchilik qilishi yoki o‘zining dushmanlariga nisbatan noxolis yondashishi ehtimoli yuqori.

Qolaversa, boshqa joyga yuborilgan politsiyachi, hech bir aholi punktida 5 yildan ortiq xizmat qila olmaydi. Chunki 5 yil mobaynida u mahalliy aholi bilan tanishib, o‘zaro munosabatlar shakllangan bo‘ladi.