O‘zbekiston | 11:03 / 10.06.2023
10876
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Belarusdan Pokistongacha bo‘lgan transport yo‘lagini qurish taklifi bilan chiqdi

O‘zbekiston Belarusdan Afg‘oniston va Pokistonga yangi multimodal transport koridorini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: government.ru

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 8 iyun kuni rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Aripov transport-logistika sohasi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishi ekanini ta’kidlab, yuk tashish hajmining o‘sishida ijobiy dinamikani qayd etdi.

O‘zbekiston hukumati rahbari Aripov yangi xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirishdan manfaatdor ekani haqida gapirdi. Ular istiqbolli bozorlarni ochadi, dedi u.

«Shu nuqtayi nazardan biz mintaqamizdagi asosiy transport arteriyalaridan biri bo‘lgan «Shimol-Janub» xalqaro yo‘lagini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz birgalikda Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston yangi multimodal transport yo‘lagini shakllantirishni taklif qilamiz», — dedi Abdulla Aripov.

Shundan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri Yevrosiyo hukumatlararo kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etdi. Unda, shuningdek, muqobil koridorlarni birgalikda rivojlantirish va yangi ta’minot zanjirlarini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan Aripov YeOIIga ikkita temiryo‘l liniyasini amalga oshirishni taklif qildi: Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «Shimol-Janub» global yo‘nalishi imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shuningdek, bosh vazir ekinlarni birgalikda yetishtirish, yashil yo‘laklar, jumladan, «Agroekspress» faoliyatini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hech qanday cheklovlarsiz erkin savdosini ta’minlash lozimligini ta’kidladi.

Mavzuga oid