Krivoy Rogdagi raketa zarbasi qurbonlari soni 11 nafarga yetgan, bu haqda Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak ma’lum qildi.

Gubernatorning yozishicha, yetti kishining jasadi xususiy korxona xarobalari ostidan chiqarib olingan, u yerda hududni tozalash ishlari davom ettirilmoqda. To‘rt kishi besh qavatli turar joy binosiga zarba oqibatida halok bo‘lgan. Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Vilkul yana 28 kishi turli darajada tan jarohatlari olgani haqida xabar qilgan. 14 iyun kuni Krivoy Rogda Motam kuni e’lon qilingan.

Tongda Lisak havo hujumidan mudofaa kuchlari shahar ustida uchta qanotli raketa urib tushirilgani, shu bilan birga raketalar kelib urilgani haqida ham xabar bergandi.

«Besh qavatli bino vayron bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda yashovchi uch kishi halok bo‘lgan. 25 kishi yaralangan, ulardan 19 nafari - shifoxonada», deya yozgan Lisak o‘z telegram-kanalida va vayron bo‘lgan uy suratlarini namoyish etgan.

Lisakning yozishicha, raketa kelib urilishi oqibatida birinchi qavatdan beshinchi qavatgacha joylashgan kvartiralar yonib ketgan, alanga 700 kvadrat metr maydonni qamrab olgan.

Gubernator esa boshqa fuqarolik obektlari ham shikastlangani to‘g‘risida xabar berdi. «Xususiy korxonada uch kishi jabrlangan. Ular shifoxonaga joylashtirilgan. Katta ehtimol bilan xarobalar ostida odamlar qolib ketgan. Qutqaruvchilar ularni qidirishmoqda», deya yozgan u.

Ukraina energetika vazirligi keyinroq zarbalar oqibatida Krivoy Rog IES shikastlangani, natijada uchta kon elektrsiz qolgani haqida xabar qildi.

Prezident Volodimir Zelenskiy o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharga yo‘llangan zarba yuzasidan munosabat bildirib, besh qavatli uy yonayotgani aks etgan videoni namoyish etgan. U Rossiya «turar joylar, oddiy shaharlar va odamlarga qarshi urushi»ni davom ettirayotganini qayd etgan. Zelenskiy «ular har bir raketa uchun javob berishi»ni va’da qilgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ertalab Rossiya tunda Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum qilgani, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aviatsiyadan uchiriladigan 14 ta X-101/555 qanotli raketalari yo‘llangani, ulardan 10 tasi havo hujumidan mudofaa tizimi orqali yo‘q qilingani haqida ma’lumot bergandi. Shuningdek, ukrain harbiylari to‘rtta Shahed dronlaridan faqat bittasini urib tushirishning imkoni bo‘lganini xabar qilishgan.