Argentinadagi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati Italiya va Urugvay o‘rtasidagi triller o‘yin bilan yakunlandi. Bir oy davomida muxlislar qator qiziqarli jamoalar va futbolchilar bilan tanishishdi. Quyida bu turnirda ishtirok etganlardan kimlar yaqin kelajakda top darajaga chiqishi mumkinligi haqida.
Argentina va Braziliyaning kutilmagan muvaffaqiyatsizligi
Janubiy Amerikadagi bu ikki jamoa uchun finalga chiqmasdan turnirni tark etish katta muvaffaqiyatsizlik sanaladi. Turnir avvalida ular inglizlar bilan birgalikda g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlar sifatida ko‘rilayotgandi.
Argentinaliklar guruh bosqichini kuchli o‘tkazib, uch o‘yinda uch g‘alabaga erishdi (to‘plar nisbati 10:1). Ammo pley-offning birinchi bosqichida Nigeriyaga ro‘baro‘ kelishdi va afrikalik yoshlar kattalar jamoasining 2014 va 2018 yillardagi jahon chempionatlaridagi mag‘lubiyati uchun o‘ch olib berishdi. Final hushtagi chalinganidan keyin afrikalik futbolchilar tomoqqa tig‘ tortishni ifodalovchi jyestni namoyish etgan holda g‘alabani jo‘shqinlik bilan nishonlashdi. Parallel tarzda brazillar Afrikaning boshqa bir jamoasi — Tunisni turnirdan chiqarib yubordi, ammo chorakfinalda ikki bor hisobda oldinda borishganiga qaramay, isroilliklarga mag‘lub bo‘lishdi.
Fiaskodan keyin murabbiylar haqli ravishda tanqidga uchradi: ularni jamoalarning taktik tayyorgarligini yetarli darajaga yetkazmaganlikda ayblashdi. Ayniqsa Maskerano qattiq dashnom eshitdi: u saralash turniridan o‘ta olmagan va uning jamoasi turnirda qatnashmasligi kerak edi, ammo aprel oyida FIFA turnirni Indoneziyadan Argentinaga ko‘chirdi va jamoa mezbon sifatida JChda ishtirok etadigan bo‘ldi.
Ko‘ngilsiz natijadan so‘ng OAV Xaviyer iste’foga chiqarilishini kutgandi, ammo Argentina futbol federatsiyasi buning o‘rniga u bilan shartnomani 2026 yilga qadar uzaytirdi. Mahalliy muxlislarning nafratiga uchraganiga qaramay, Maskerano olimpiya jamoasini ham 2024 yilgi turnirga tayyorlaydi.

Italiya yutqazgan yana bir final
May oyi boshidayoq Fabio Kapello va boshqalar kalcho qaytgani haqida e’lon qilishgan, italyanlarni yana qudratli raqib sifatida qabul qila boshlashgandi. Ammo hozirga kelib italyanlarga yakunlangan mavsum uchun baho berish qiyin. Bir tomondan Italiya jamoalari uchta yevrokubok finalida ishtirok etishdi. Boshqa tomondan — barcha finallarda mag‘lub bo‘lishdi.



















