Putin Ukrainadagi urush, Kaxovka GES, safarbarlik, xususiy harbiy kompaniyalar, g‘alla bitimi kabi savollarga javob qaytardi. Uning javoblaridan qisqa iqtiboslar keltiramiz. 

Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiya» maqsadlari o‘zgarganmi yoki yo‘qligi haqida

«Yo‘q. Umuman olganda ular vaziyatga mos ravishda o‘zgarib turadi, lekin hozir biz hech narsani o‘zgartirmaymiz va ular biz uchun fundamental xususiyatga ega». 

G‘arb tomonidan «qizil chiziqlar»ning kesib o‘tilishiga Rossiya javob bermayotgani haqida

«Maxsus harbiy operatsiya o‘tkazishning o‘zi «qizil chiziqlar» kesib o‘tilishiga javob emasmi? Bu eng muhim narsa. Biz ko‘p marta aytdik: bunday qilmang, shunday qilaylik, biz muzokaralarga tayyormiz. Oxir-oqibat ular bizni 2014 yilda boshlangan urushni qurolli yo‘llar bilan to‘xtatishga urinishga majbur qilishdi. 

Ular bizga «siz urushni boshladingiz, Putin — tajovuzkor» demoqda. Yo‘q, ularning o‘zi bosqinchi, ular bu urushni boshladi, biz uni to‘xtatishga harakat qilmoqdamiz, lekin buni Qurolli Kuchlar yordami bilan qilishga majburmiz. Bu «qizil chiziqlar» kesib o‘tilishiga javob emasmi? 

Ukraina energetika tizimiga zarba berish «qizil chiziqlar» kesib o‘tilishiga javob emasmi? Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh razvedka boshqarmasining Kiyev yaqinidagi shtab-kvartirasining amalda yo‘q qilinishi - bu javob emasmi? Biz nishonlarni tanlab olamiz. Ular qilgan ishni qilmaymiz, bu ahmoqlar fuqarolik obektlariga, turar joylarga zarba bermoqda, biz buni qilmaymiz. Nishonlarga tanlab-tanlab zarba beramiz». 

Ukrainaning qarshi hujumi haqida 

«Bu oldindan tayyorlangan zaxiralardan foydalangan holda qilinayotgan keng ko‘lamli qarshi hujumdir. To‘rtinchida (iyunda) boshlandi va hozirgacha davom etmoqda… U strategik zaxiralardan foydalanish orqali boshlandi va hozir ham davom etmoqda. Biz bu yerga yig‘ilib, muhokama qilayotganimizda, bir necha yo‘nalishda jang ketmoqda. Ammo dushman hech bir hududda muvaffaqiyat qozona olmadi». 

Rossiya armiyasining yo‘qotishlari haqida 

«Ukraina katta yo‘qotishlarga uchrayapti. Buning uchun Xudoga shukur aytamiz. Ular shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlar bo‘yicha falokatli ko‘rsatkichga yaqinlashmoqda. Yo‘qotishlar sanitar bo‘lishi yoki qayta tiklanmas bo‘lishi mumkin. Odatda tiklanmaydigan yo‘qotishlar 25 foizni tashkil qiladi, maksimal 30 foizni. Ularda 50 foizgacha. Bizning yo‘qotishlarimiz Ukraina Qurolli Kuchlari yo‘qotishlaridan 10 baravar kam. Shaxsiy tarkib bo‘yicha yo‘qotishlarimizni aytib o‘tirmayman, buni Mudofaa vazirligi aytsin. Ular hisoblab boradi».