Kaxovka GESi to‘g‘onining portlatilishidan 9 kun o‘tib, 15 iyun kuni Telegram’dagi «Voyennyy osvedomitel» Z-kanali GES vayronalari oqibatlari tasvirlangan videoni joylashtirgan.

New York Times gazetasining yozishicha, ushbu videola to‘g‘on vayron bo‘lgan joydagi beton asos ko‘zga tashlanmaydi. To‘g‘onning omon qolgan qismida beton asosning ustki qismlari ko‘rinib turibdi.

Ushbu beton asosning ichida texnik tonnel o‘tgan bo‘lgan. Unga faqat Rossiya qo‘shinlari nazorati ostida bo‘lgan mashina zalidan orqali kirish mumkin bo‘lgan. New York Times nashri jurnalistlari tanishgan chizmalarda tonnel qora rang bilan belgilangan. Bundan tashqari, ukrainalik injyener Igor Strelets ham bu tonnelning mavjudligi haqida yaxshi bilgan — u o‘tmishda bir necha oy Kaxovka GESida ishlagan.

Kaxovka GESi to‘g‘oni asosi (zarg‘aldoq hoshiya bilan belgilangan) va uning ichidan o‘tgan tonnel (qora rangda). Foto: New York Times

Strelets GES to‘g‘onining betondan yasalgan asosi vayron bo‘lishi uchun yagona sabab sifatida ataylab portlatish uyushtirilganini keltirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash asosning bir qismini ishdan chiqargan, shundan sung kuchli suv bosimi portlash nuqtasi atrofidagi to‘g‘on qismlarini vayron qilgan.

Ukrainalik ekspertning so‘zlarini amerikalik ikki injyener va portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassis ham ma’qullamoqda.

«Agar siz to‘g‘onni vayron qilishni maqsad qilib qo‘ysangiz, buning uchun sizga kuchli portlatish kerak bo‘ladi. Tonnel — portlovchi modda joylashtirish uchun ideal joy», — deydi to‘g‘onlar xavfsizligi masalalariga ixtisoslashgan injyener Maykl Uest.

«Agar ular portlovchi moddani tonnelga joylashtirishgan bo‘lsa, bu ko‘p narsaga oydinlik kiritadi», — deydi Merilend universiteti professori, AQSh milliy injyenerlik akademiyasi a’zosi Gregori Bicher.

Kaxovka GESining vayron bo‘lishida portlatish katta rol o‘ynaganiga yana bir dalil seysmik stansiya va sun’iy yo‘ldoshlarning qayd etgan ma’lumotlaridir. 6 iyun kuni tungi soat 2:35 va 2:54 da portlashni Ukraina va Ruminiyadagi seysmik stansiyalar qayd etishgan. Amerika razvedka sun’iy yo‘ldoshlarining datchiklari to‘g‘on yorilishidan pisa avval issiq havo otilib chiqqanini qayd etgan, bu ham portlashga ishora qiladi, deb yozadi New York Times.