Shimoliy koreyalik kishilar BBC nashriga bergan intervyusida mamlakatdagi oziq-ovqat taqchilligi haqida gapirib, vaziyat odamlar ochlikdan o‘lishigacha yetganini aytgan.

Ekspertlar fikricha, dunyoning eng ihotalangan davlati aholisidan olingan ushbu eksklyuziv intervyu Shimoliy Koreya 1990-yillardan beri eng yomon ahvolga tushganidan dalolat beradi.

Koreya xalq demokratik respublikasi (KXDR) aholisi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda hukumat chegaralarni butunlay yopib qo‘ygan va barcha hayotiy muhim ta’minotni to‘xtatgan. Shuningdek, ular o‘z fuqarolarining hayoti ustidan nazoratni kuchaytirgan.

Rasmiy Pxenyan BBC nashriga o‘z fuqarolari manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishini aytgan.

Shimoliy Koreyada o‘z manbalar tarmog‘iga ega bo‘lgan Daily NK gazetasi yordamida BBC uch nafar oddiy shimoliy koreyalikdan yashirincha intervyu olishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning aytishicha, chegaralar yopilganidan keyin ular yo ochlikdan o‘lish, yoki qonunni buzgani uchun qatl etilishidan qo‘rqib yashamoqda.

Shimoliy Koreyada yashovchi odamlar fikrini eshitish kamdan kam kuzatiluvchi holat.

KXDRdan qochganlarga yordam ko‘rsatuvchi «Shimoliy Koreyaga erkinlik» tashkiloti vakili Pak Sokilning so‘zlariga ko‘ra, bu intervyular «mamlakatda sodir bo‘layotgan halokatli fojia» haqida guvohlik beradi.

BBC bilan suhbatlashgan pxenyanlik ayol, o‘z uyida ochlikdan o‘lgan uch kishilik oilani shaxsan tanishini aytgan.

«Biz suv taklif qilish uchun ularning eshigini taqillatdik, lekin hech kim javob bermadi», deydi pxenyanlik Ji Yon. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat vakillari kvartiraga kirganda uning qo‘shnilari allaqachon o‘lgan bo‘lgan.

Ji Yon — ayolning haqiqiy ismi emas, uning va boshqa suhbatlashgan odamlarning ismlari ularning xavfsizligi uchun o‘zgartirilgan.

Xitoy chegarasi yaqinida yashovchi, Chang Ho ismli shimoliy koreyalik quruvchining aytishicha, oziq-ovqat shunchalik taqchilki, uning qishlog‘ida besh kishi allaqachon ochlikdan halok bo‘lgan.

«Oldinlari men koviddan o‘laman deb qo‘rqardim, lekin endi ochlikdan o‘laman deb qo‘rqa boshladim», deydi u.

Shimoliy Koreya hech qachon 26 millionlik aholisi uchun yetarli miqdorda oziq-ovqat yetishtira olmagan. Hukumat 2020 yil yanvar oyida chegaralarni yopgach, aholi Xitoydan g‘alla, shuningdek, hosil yetishtirish uchun zarur bo‘lgan o‘g‘it va texnika importini to‘xtatdi.