O‘zbekiston | 07:44 / 20.06.2023
6235
2 daqiqa o‘qiladi

Narkologiya markazi Ruhiy salomatlik markaziga aylantiriladi

Foto: Kun.uz

Prezident "Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining aholi ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi quyidagi takliflari ma’qullandi:

  • ixtisoslashtirilgan psixiatriya va narkologiya yordamini ko‘rsatishning yagona vertikal boshqaruv tizimini joriy etish;
  • birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalariga ruhiy salomatlikni muhofaza qilish xizmatlarini integratsiya qilish;
  • ruhiy holati buzilgan shaxslarni dori vositalari bilan ehtiyojga ko‘ra to‘liq ta’minlash;
  • aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smir yoshlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash;
  • kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, mutaxassislarni munosib rag‘batlantirish va samarali mehnati uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish;
  • psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 1 iyuldan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini, amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) markaz:

ixtisoslashtirilgan psixiatrik, tibbiy-psixologik va narkologik yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi, ushbu yo‘nalishlarda yuqori texnologik moddiy baza va ilmiy maktabni shakllantiradi;

ruhiy salomatlikni ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni sog‘liqni saqlashning barcha darajalarida muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;

b) hududlardagi ruhiy va narkologiya kasalliklari shifoxonalari va dispanserlari markazning hududiy tashkiliy-metodik bo‘linmalari hisoblanadi;

markaz, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari tibbiyot oliy, professional va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari uchun asosiy klinik baza sifatida faoliyat yuritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid