Hanter Baydenga nisbatan tergov AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp davrida tayinlangan prokuror Devid Vays tomonidan olib borildi va ayblov e’lon qilinishi bilan yakunlandi.
Reuters xabariga ko‘ra, 53 yoshli Hanter Bayden ko‘p yillar davomida Tramp va uning respublikachi ittifoqchilari tomonidan tinimsiz tanqid qilinadi. Ular boshqa narsalar qatori uni Ukraina va Xitoy bilan bog‘liq huquqbuzarliklarda ayblab kelmoqda.
Hanter Bayden lobbist, advokat, investitsiya bankiri va rassom bo‘lgan, shuningdek, giyohvand moddalarni suiiste’mol qilish bilan kurashayotganini ommaviy tan olgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Hanter Bayden 2017 va 2018 yillarda 1,5 million dollardan ortiq soliqqa tortiladigan daromad olgan, biroq u 100 ming dollardan ortiq qarz bo‘lishiga qaramay, o‘sha yillarda hech qanday daromad solig‘ini to‘lamagan. Bu bo‘yicha unga ikkita ayblov e’lon qilingan edi.
Advokat Kristofer Klark so‘zlariga ko‘ra, shuningdek, hukumat Hanter Baydenga o‘qotar qurolni noqonuniy saqlash ayblovini qo‘ydi. Biroq, bunda sudgacha bo‘lgan kelishuvga erishiladi. U qamoq jazosi yoki jinoiy hukmdan qochish imkonini beradi.
«Hanterga nisbatan besh yillik tergov yakunlandi. Men Hanter hayotidagi notinchlik va giyohvandlik bilan bog‘liq davrda qilgan xatolari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini muhim deb bilaman. U salomatligini tiklash va oldinga harakat qilishni intiqlik bilan kutmoqda», dedi u.
2020 yil dekabr oyida Hanter Bayden prokuror Vays soliq ishlarini tekshirayotganini ma’lum qildi. U o‘zining aybsiz ekanini aytdi.
2021 yil chop etilgan kitobida u giyohvand moddalarni, jumladan kokainni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq muammolarini, shuningdek, alkogolizmdan aziyat chekkanini tasvirlab berdi. U 2014 yilda qonida kokain topilgach, AQSh harbiy-dengiz kuchlari zaxirasidan bo‘shatilgan.
Prezident Jo Bayden o‘g‘lining giyohvandlikni yengib o‘tganidan g‘ururlanishi va uni qo‘llab-quvvatlashini anchadan buyon ta’kidlab keladi.

Foto: Susan Walsh/AP















