Adliya vazirligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan ma’lumot berildi.
Qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Qonunga asosan, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash imkoniyati yaratilmoqda. Mazkur advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tasodifiy tanlanadi.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatgan advokatlar haqidagi ma’lumotlar ochiq va shaffof holda “Yuridik yordam” axborot tizimida e’lon qilinadi.









