Press-turda mamlakatimizning nufuzli va yetakchi OAV vakillari, xorijiy OAVning O‘zbekistondagi vakilligi xodimlari – jami 40 ga yaqin jurnalist va blogerlar faol ishtirok etmoqda.

Jonli va qiziqarli kechgan muloqot davomida Boshqaruv raisi tomonidan “To‘polang GES” UK faoliyati, undagi inson omilisiz boshqariluvchi zamonaviy texnologiyalar, GESda o‘rnatilgan “aqlli boshqaruv tizimi”ga doir ma’lumotlar; To‘polang suv ombori tarixi hamda undagi suv hajmi, bosqichma-bosqich suv ombori hajmini oshirib borish, xavfsizligini ta’minlash borasidagi ilg‘or tizimlarni o‘rnatish; To‘polang gidrouzeli; To‘polang daryosi suvidan unumli va samarali foydalanish maqsadida barpo etilgan Zarchob-1 va Zarchob-2 kichik GESlari; rejalashtirilgan yangi investitsiyaviy loyihalar (Zarchob-3 kichik GES va Yuqori To‘polang GESlari); GESlardagi elektr energiya ishlab chiqarish faoliyati; tizim tashkilot va korxonalarining faoliyati; Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli faoliyat, istiqbolli loyihalar; qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan gidroenergetik loyihalar (xususan Yavan GES qurilishi loyihasi); tobora e’tibor kuchayib borayotgan “yashil” energetika haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbir davomida jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga Boshqaruv raisi tomonidan to‘liq va batafsil javoblar berildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda yangi istiqbolli loyiha asosida 16 MVt bo‘lgan “Zarchob-3” GES qurilishi bo‘yicha dastlabki ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, istiqbolli loyihalar asosida keyingi yillarda To‘polang daryosining yuqori qismida jami 20 ta loyihalar asosida quvvati 264 MVt bo‘lgan Yuqori To‘polang GESlari quriladi.

Ushbu jarayonda esa Jamiyat tomonidan xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan mikro GESlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida jami 55 ta loyiha asosida jami quvvati 25,8 MVt bo‘lgan loyihalar ishga tushiriladi. Shundan 2023 yilda 8 ta loyiha asosida jami quvvati 10,1 MVt bo‘lgan yangi loyihalar ishga tushirilib, aholiga toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu borada, Jamiyat tomonidan quvvati 9,1 MVt bo‘lgan 5 ta loyiha ishga tushirilishi, xususiy sektor tomonidan yangi 3ta loyiha – quvvati 1 MVt bo‘lgan mikro GESlar ishga tushiriladi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 582 mln m3 tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi. Shuningdek, 1560 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, 850 000 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.