24 iyun kuni kechqurun Aleksandr Lukashenkoning matbuot xizmati Yevgeniy Prigojin bilan muzokaralar yakunlangani haqida xabar berdi. Bu muzokaralar kun bo‘yi davom etgan va Vladimir Putin bilan kelishilgan holda o‘tkazilgan. Uning yakunlariga ko‘ra Prigojin Lukashenkoning yollanma jangchilarning Rossiya bo‘ylab harakatini to‘xtatish va  «keskinlikni yumshatishga qaratilgan qadamlarni tashlash» bo‘yicha taklifini qabul qilgan. Ko‘p o‘tmay Prigojinning o‘zi vagnerchilar «kolonnalarni ortga burgani» va «reja bo‘yicha dala lagerlari yo‘nalishida qaytayotgani» haqida e’lon qildi.

Kremldagilar Prigojinga nisbatan ochilgan jinoiy ish to‘xtatilishi, XHK rahbari esa Belarusga «ketishi» haqida ma’lum qilgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi u Belarusda aynan nima bilan shug‘ullanishi yuzasidan aniqlik kiritmagan. Kreml rasmiysi Prigojin Belarusga jo‘nab ketishiga kun avvalida uni xiyonatkor deb atagan Rossiya prezidenti kafolat berishini aytgan. Putinning o‘zi «adolat marshi» yakuni yuzasidan izoh bermadi. Peskov shuningdek, isyonda ishtirok etgan vagnerchilar «frontdagi xizmatlari inobatga olingan holda» qonun tomonidan ta’qib qilinmasligini aytgan. Jangchilarning bir qismi, istasa, RF mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.

«Vagner» XHK jangchilari shu kunning o‘zida Rostov-Donni tark etishga kirishdi. Shahardan Yevgeniy Prigojin ham chiqib ketgan. E’lon qilingan videoda u yo‘ltanlamasda o‘tirgani va atrofdagilar uni olqishlar bilan kuzatayotgani aks etgan. 25 iyun kuni tongda «Vagner» kolonnasi Voronej oblastini ham tark eta boshladi. Fightbomber telegram-kanali shu kuni ertalab holatiga Rostov oblastidagi Millerovo harbiy aerodromi, Rostov-Dondagi aerodrom va Rossiya harbiy-kosmik kuchlarining oblastdagi qo‘mondonlik punkti hamon «Vagner» nazoratida qolayotganini yozgan. Bu ma’lumotning tasdig‘i keltirilmagan.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Volgogradda 24 iyun kuni politolog va publitsist Mixail Serenko qo‘lga olingan. «Bloknot» nashri Serenkoning qarindoshlariga tayanib xabar berishicha, kechqurun soat 22:00 atrofida uning kvartirasiga qurollangan olti kishi va tergovchi bostirib kirgan. «Tergovchi «Vagner» XHKning isyoni haqidagi jinoiy ish bilan bog‘liq narsalarni o‘qib eshittirdi. Va go‘yoki Mixail uni qo‘llab-quvvatlaganini. Bu butunlay safsata!» — dedi politologning rafiqasi. Keyinroq Serenko o‘zini qo‘yib yuborishgani, uni isyon bo‘yicha ishda guvoh sifatida so‘roq qilishganini aytdi.