
Yechimini kutayotgan huquqiy masalalar
Raqamli texnologiyalar musiqa, chizmalar, she’rlar va boshqalar kabi original san’at asarlarini yaratishga qodir algoritmlarni yaratishga imkon beradi, shuning uchun mualliflik huquqi va sun’iy intellekt qizg‘in muhokama va munozaralarga sabab bo‘lyapti.
Mualliflik huquqi va sun’iy intellekt bilan bog‘liq bir qator o‘z yechimini kutayotgan dolzarb masalalar bor:
- sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asarlarga mualliflik huquqini huquqiy himoya qilish masalalari;
- sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq mualliflik huquqining buzilishi uchun javobgarlik masalalari;
- sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asar mualliflik huquqi deb tan olinishi uchun insonning qanday harakatlari va qanday darajadagi ijodiy hissa talab qilinishi bilan bog‘liq savollar.
Ba’zi olim va mutaxassislar sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan asarlarga mualliflik qilib bo‘lmaydi, deb hisoblashadi, chunki ular odam tomonidan yaratilmagan, algoritmlar tomonidan yaratilgan. Boshqalar esa mualliflik sun’iy intellektga ham, uning yaratuvchisiga ham, shuningdek, sun’iy intellekt yaratgan asar kodini ishlab chiqqan dasturchiga ham berilishi mumkin, deb ta’kidlaydi.
Hozirgi vaqtda mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilik sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qoidalarni taqdim etmaydi. Biroq, turli mamlakatlarda qonunchilikni yangi texnologik jarayonlarga moslashtirish bo‘yicha qadamlar allaqachon qo‘yilgan.
Jahon tajribasi: sun’iy intellektga oid mualliflik masalalari qanday tartibga solinadi?
AQShda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asarning muallifi sifatida uni yaratgan yoki uning nomidan asar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan shaxs tan olinadi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Rossiyada muallif asar yaratilishiga katta hissa qo‘shgan shaxs sifatida e’tirof etiladi. Xitoyda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asar muallifligining tan olinishi asarni yaratishda insonning ijodiy hissasini jamoatchilik tomonidan e’tirof etilishi bilan bog‘lashadi.
Biroq, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan asar muallifi shaxs bo‘lsa ham, ushbu asarga bo‘lgan huquqlar bo‘yicha nizolar kelib chiqishi mumkin.
Sun’iy intellekt mualliflik huquqi bilan himoyalangan elementlar asosida boshqa musiqiy kompozitsiya yoki fotosuratni o‘z ichiga olgan asar yaratadigan holatlar ham bo‘lishi mumkin. Bunday holda, mualliflik huquqi dastlabki ma’lumotlarni yaratgan shaxsga ham, yakuniy ishni yaratgan sun’iy intellekt muallifiga ham tegishli bo‘lishi mumkin.














