Reuters agentligi qora tanli odamlardan qul sifatida foydalangan tarixdagi quldorlar sinfi va AQSh siyosiy elitasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash ustida o‘rganish olib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, AQShning hozirda hayot bo‘lgan, amaldagi va sobiq 5 nafar prezidenti, Oliy sud sudyalaridan 2 nafari, gubernatorlardan 11 nafari va 100 dan ortiq kongressmenlar quldorlarning avlodlari hisoblanadi.

Nashr bu haqdagi maqolasida Kapitoliyning tashrifchilar markazidagi qumtosh yodgorlikka e’tibor qaratadi. Bu yodgorlik AQSh Kongressi joylashgan bino qurilishida qulga aylantirilgan qora tanli odamlarning ham katta hissasi borligini eslatib turish uchun o‘rnatilgan.

Kapitoliydagi tashrif buyuruvchilar markazida o‘rnatilgan qumtosh – bu binoni qurishda qulga aylantirilgan insonlarning mehnati muhim rol o‘ynaganini eslatib turuvchi yodgorlik / Foto: Reuters via handout 

Aslini olganda, ko‘plab amerikalik qonunchilar AQShdagi quldorlik ularga begona emasligini tushunish uchun o‘z oilaviy shajaralariga qarashlari kifoya qiladi. Amerika siyosiy elitasi – kongressmenlar, hozirda hayot bo‘lgan prezidentlar, Oliy sud sudyalari va gubernatorlarning shajarasini o‘rgangan tadqiqotchilar ularning beshdan bir qismi quldorlarning avlodlari ekanini aniqladi.

Reuters'ga ko‘ra, avvalgi Kongress tarkibidagi 536 qonunchidan kamida 100 nafarining ajdodlari quldor bo‘lgan. Xususan, Senat a’zolarining chorak qismidan ko‘prog‘i – 28 nafari kamida bitta qulga egalik qilgan tarixiy qarindoshga ega.

Ro‘yxatdan ham demokratlar, ham respublikachilarning yirik vakillari o‘rin olgan. Respublikachi senatorlardan Mitch MakKonnell, Lindsi Grem, Tom Kotton, Jyeyms Lankford, demokratlardan esa Elizabet Uorren, Temmi Dakvort, Jinn Sheyxin va Maggi Hasan shular jumlasidan.

Qo‘lga olinib, qulga aylantirilgan qora tanli kishi Afrika qirg‘og‘ida / Foto: Smitsonlarning Afroamerika muzeyi

Shuningdek, amaldagi prezident Jo Bayden va hozirda hayot bo‘lgan AQSh sobiq prezidentlarining Donald Trampdan boshqa hammasi – Jimmi Karter, Jorj Bush, Bill Klinton va Barak Obama quldorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri avlodlaridir. Donald Trampning ajdodlari Amerikaga quldorlik tugatilganidan keyin ko‘chib kelgan.