Politsiyachilar Nanterreda (Parij markazidan 11 km masofada, poytaxtning eng yirik chekka rayonlaridan biri) 17 yoshli o‘smirni otib qo‘yganidan keyin Fransiyaning yirik shaharlarida ikkinchi tun tartibsizliklar davom etdi. Il-de-Frans, Lion, Tuluza, Lill va Dijon tartibsizliklar ichida qolgan. 29 iyunga o‘tar kechasi politsiya mamlakat bo‘ylab kamida 150 kishini qo‘lga oldi, deb xabar berdi ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning turli shaharlarida namoyishchilar boshqa ishlar qatorida avtomobillar va ma’muriyat binolariga mash’alalar uloqtirishgan. Agence France-Presse agentligi politsiyadagi manbasiga tayanib xabar berishicha, bir guruh kishilar Fresn qamoqxonasi hududiga kirishda o‘rnatilgan qo‘riqlash postiga hujum uyushtirib, bu yerga ham o‘t qo‘ymoqchi bo‘lishgan.
«Respublika ramzlariga toqat qilib bo‘lmas zo‘ravonliklar kechasi: meriyalar, maktablar va politsiya mahkamalariga hujumlar va o‘t qo‘yishlar. 150 kishi qo‘lga olingan. [Tartibsizliklar ishtirokchilariga] mardonavor qarshi turgan politsiyachilar, jandarmlar va o‘t o‘chiruvchilarni qo‘llab-quvvatlayman. Xotirjamlikka chaqirmayotganlar uchun bu sharmandalik», — degan Darmanen tvitterida.

Geoffroy van der Hasselt / AFP / Scanpix / LETA
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «izohlab va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan» bu zo‘ravonlikni qoraladi. Bir kun oldin u mamlakat aholisini tinchlanishga, jumladan Nanterreda qurbonning dafn marosimi vaqtida xotirjamlik saqlashga chaqirgandi. Marsh 29 iyun kuni o‘tkazilmoqda. Fransiya IIV xabariga ko‘ra, Parij rayonida ikki mingga yaqin politsiyachilar safarbar qilingan.
Hozircha tartibsizliklar oqibatida yetkazilgan zararning yakuniy miqdori ma’lum emas. Birinchi kungi namoyishlardan keyin Darmanen 31 kishi qo‘lga olingani, 24 nafar politsiyachi yengil jarohat olgani, 40 ga yaqin avtomobillar yoqib yuborilganini aytgandi.

















