Umumiy qoidaga ko‘ra, dam olish va bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi. Ammo qonunchilikda zaruriyatdan kelib chiqqan holda ayrim istisno holatlar belgilangan. Bu haqda Hudud24 ma’lumot berdi. 

1. Shoshilinch ishlarni bajarish uchun xodim roziligi bilan dam olish yoki bayram kuni ishlashga ruxsat beriladi 

Tashkilotning faoliyati shoshilinch bajariladigan ishlarga bog‘liq bo‘lganida, xodimlar yozma roziligi bilan dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etilishi mumkin. 

Bunda shoshilinch bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxati jamoa shartnomasida yoki kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan yoxud mehnat shartnomasida belgilanishi kerak. 

Shuningdek, bayram kunlari ishlab chiqarishni to‘xtatib turish imkoni bo‘lmagan, aholiga xizmat ko‘rsatiladigan ishlarni, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi. 

Bundan tashqari, madaniy-tomosha tashkilotlari, televideniye, radioeshittirish va boshqa OAV xodimlari dam olish va bayram kunlari ishga jalb etilishi mumkin. 

2. Baxtsiz hodisa ro‘y berganda xodimni roziligisiz ishga chaqirish mumkin 

Quyidagi holatlarda xodimning roziligisiz dam olish va bayram kunlari ishga jalb etishga yo‘l qo‘yiladi: 

- tabiiy yoki texnogen halokatlar, avariyalar, baxtsiz hodisalar (yong‘in, toshqin, zilzila, epidemiya va boshqalar) davridagi ishlarni bajarish uchun;

- baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun;

- issiq va sovuq suv, gaz, yorug‘lik, issiqlik ta’minoti, transport, aloqaning normal ishlashini buzadigan holatlarni bartaraf etish uchun;

- ish beruvchi mulkini nobud qilish yoki unga zarar yetkazishning oldini olish uchun. 

3. Ba’zi xodimlarni har qanday holatda roziliksiz dam olish yoki bayram kuni ishga chaqirish mumkin emas 

Nogironligi bo‘lgan xodimlar, homilador ayollar, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi bo‘lgan xodimlarni dam olish va bayram kunlarida ishga jalb qilishga har qanday holatda faqat ularning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.