«Arsenal»ning yozdagi uch transferi

Kay Haverts «Chelsi»dan «Arsenal»ga o‘tdi. «Kanonirlar» futbolchi bilan uzoq muddatli shartnoma tuzilganini ma’lum qilgan, ammo muddatga aniqlik kiritilmagan. OAVga ko‘ra, kelishuv 2028 yil yoziga qadar amal qilishi ko‘zda tutilgan. Transfer bahosi – 60+5 mln funt.

«Arsenal»da Kay 29-raqamli futbolkada to‘p suradi. Haverts «Chelsi»ga 2020 yil kuzida kelgandi, transfer bahosi bonuslar hisobiga 90 mln funtgacha yetishi mumkin. Haverts ko‘klar jamoasida 139 o‘yinda maydonga tushib, 32 gol urdi va 15 golga uzatma berdi.

«Arsenal» «Vest Hem»dan Deklan Rays va «Ayaks»dan Yurriyen Timber transferini ham hal qilgan. Nufuzli insayder Fabritsio Romano bu ikki kelishuv ham «yakuniy bosqichda» ekanini xabar qilgan. Angliyadagi eng ishonchli sport nashri The Athletic xabariga ko‘ra, tomonlar transfer qiymatini kelishib bo‘lgan – 100 mln funt (116 mln yevro) va yana 5 mln funt — natijaga ko‘ra bonus sifatida ko‘zda tutilgan.

«Vest Hem» 100 mln funtni 18 oy ichida olishni istamoqda, «Arsenal» to‘lov to‘rt yil davomida to‘lab borilishiga umid qilmoqda. Bunday bosqichda tomonlar transferdan voz kechishi qiyin, qolaversa, futbolchiga asosiy da’vogarlardan biri «Siti» kurashdan chiqqan.

Rays kelishi jamoa markazidagi muammolarga yechim bo‘ladi. Jamoaning ikki asosiy tayanch yarimhimoyachilari - Granit Chaka («Bayyer») va Tomas Parti (Saudiya Arabistoni) ketishi oydinlashgan.

Niderlandiyalik himoyachi Yurriyen Timmer transferi ham yangi haftada e’lon qilishi kutilmoqda. «Ayaks» 35 million yevrolik dastlabki taklifni rad etgandi, ammo Romano u yaqin vaqtlar ichida Londonda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi haqida yozgan.

«Chelsi» senegallik hujumchini safiga qo‘shib oldi

«Chelsi» faqat o‘z futbolchilarini sotish yoki ijaraga berish bilan shug‘ullanmayapti, balki yangi xaridlar ham amalga oshirmoqda. Senegallik hujumchi Nikolas Jyekson London klubi bilan sakkiz yillik shartnomaga imzo chekdi. «Chelsi» 21 yoshli futbolchi uchun «Vilyarreal»ga 37 mln yevro to‘laydi.

«Norvich» bilan shartnomasi tugagan Aleks Matos va «Benfika»ni erkin agent maqomida tark etgan Portugaliya U-21 a’zosi Diyegu Moreyru ham London klubi tarkibiga qo‘shildi.