Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyada tartibsizliklar tufayli 700 dan ortiq kishi qo‘lga olindi
Fransiyada o‘smirning politsiyachi tomonidan o‘ldirilgani bilan bog‘liq tartibsizliklar davom etmoqda. Nael M.ning dafn marosimi Nanterda bo‘lib o‘tdi.
27 iyun kuni Fransiyada 17 yoshli Nael M.ning politsiyachi tomonidan o‘ldirilgani tufayli boshlangan va o‘shandan beri davom etayotgan tartibsizliklar paytida, 2 iyul kuni 719 ta yangi qo‘lga olishlar amalga oshirildi, ulardan 194 tasi Parijda. Bu haqda Fransiya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Taqqoslash uchun: 30 iyundan 1 iyulga o‘tar kechasi butun mamlakat bo‘ylab 1300 kishi qo‘lga olindi. 2 iyulga o‘tar kechasi Marsel, Nitssa va Strasburgda fuqarolar va politsiya o‘rtasida alohida to‘qnashuvlar qayd etilgan. Xususan, Marsel markazida politsiya va yoshlar o‘rtasida kechgacha to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Ushbu janjal paytida politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Parijda huquq-tartibot idoralari xodimlari Yelisey maydonlarini kuchaytirilgan holda qo‘riqlashdi.
1 iyul kuni poytaxt chekkasidagi Nanterda Nael bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Masjiddagi marosimga yuzlab odamlar yig‘ildi, deb yozadi Le Figaro gazetasi. Marhumning yaqinlari iltimosiga ko‘ra, OAV vakillari vidolashuv va dafn marosimiga kiritilmagan. Masjidda hech qanday hodisa qayd etilmagan.
Shu kuni, 1 iyulda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga Germaniyaga rejalashtirilgan tashrifini 2 iyuldan 4 iyulga qoldirishi haqida ma’lum qildi. Germaniya davlati rahbari matbuot xizmati Shtaynmayyer Makronning tashrifi bekor qilinganidan afsusda ekanligini, biroq Fransiyadagi mavjud vaziyat fonida bu qarorni tushunishini ta’kidladi.
Mavzuga oid
09:25 / 03.07.2026
Fransiyaning bir nechta hududida o‘rmon yong‘inlari avj olmoqda
09:45 / 01.07.2026
Fransiyada Shengen vizasi olish tartibi o‘zgardi
08:17 / 30.06.2026
Saida Mirziyoyeva: Fransiya bilan strategik sheriklik yanada mustahkamlanadi
20:54 / 28.06.2026