«Vagner» XHK isyoni frontdagi vaziyatga hech qanday bevosita ta’sir ko‘rsatmadi: yollanma jangchilar Baxmut egallanganidan keyin may oyi oxirida «ta’til»ga ketgan, RF qurolli kuchlari esa qiyinchilik va katta yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa-da (va kichik hududlar ham boy berilgan), iyun oyi davomida vagnerchilar ketganidan keyin hosil bo‘lgan «teshik»ni yopib turishning uddasidan chiqishdi.
Ukraina qarshi hujumi (Baxmut atrofida bu yurish vagnerchilar frontdan ketishidan oldinroq boshlanib ketgandi, mamlakat janubida esa — 4 iyundan) hamon juda sekin kechmoqda. Zaporijjya va Donetsk oblasti janubida Ukraina qurolli kuchlari artilleriya bilan muntazam ravishda o‘qqa tutilayotgan minalangan maydonlar va RF qurolli kuchlarining ahyon-ahyonda uchrovchi tayanch punktlaridan tarkib topgan bir necha kilometr kenglikdagi birinchi mudofaa chizig‘ini ortda qoldirishga harakat qilmoqda. Bu polosa asosiy mudofaa chizig‘idan oldinda joylashgan, asosiy liniyada esa tayanch punktlari uzluksiz xandaqlar va uzoq muddatli o‘t ochish nuqtalariga ulanib ketgan. Uchastkalarning hech birida hujum qiluvchi tomon bu hududdan o‘ta olmayapti.
Ammo Ukraina qurolli kuchlari bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda hujum qilish harakatlarini to‘xtatmayapti va deyarli barcha yo‘nalishlarda lokal yutuqlarga erishmoqda. Zaporijjya va Donetsk oblastlaridagi odatiy «qaynoq nuqtalar»ga yangisi qo‘shilgan: ukrain armiyasi Xerson oblastida Dniproning so‘l sohiliga (sharqiy) desant tashladi va bu yerda o‘rnasha boshladi.
Xerson va Antonov ko‘prigi
- Ukraina qurolli kuchlari Antonov ko‘prigi hududida Dniproning chap sohiliga (Xersondan taxminan to‘rt kilometr) ilk desantni bahordayoq tashlagandi. O‘nlab desantchilar RF qurolli kuchlari bo‘linmalari artilleriya orqali yo‘llangan zarbalar tufayli chekinganidan foydalangan va asosiy ko‘prik yaqinidagi Dachi posyolkasiga joylashib olgandi. Ular oblastning okkupatsiya ostidagi hududi tomon ichkarilay olmadi (katta ehtimol bilan bunga urinmagan). RF qurolli kuchlari platsdarm bo‘ylab tinimsiz aviatsiya va artilleriya zarbalari yo‘lladi, Ukraina qurolli kuchlari katerlar orqali qo‘shimcha kuchlar yetkazib turdi va o‘ng sohildan artilleriya zarbalari yo‘llash orqali rossiyaliklarning qarshi hujumlariga to‘sqinlik qildi.
- Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lganidan keyin ukrainlarning chap sohildagi pozitsiyalari suv ostida qolgandi. Rossiyaliklarning ham ko‘prik atrofidagi pozitsiyalari shunday shikastlangandi.
- Suv chekinganidan so‘ng Ukraina yana bir bor artilleriya ko‘magida desantchilar mingan katerlarni chap sohilga yo‘lladi. Ular bu safar ham ko‘prik atrofida mustahkam o‘rnashib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ukrain kuchlarining bu yerdagi asosiy pozitsiyalari ko‘prikning mustahkam beton konstruksiyalari ostida joylashgan, bu esa ularni RF qurolli kuchlari artilleriya va aviazarbalaridan himoya qiladi. Rossiya manbalariga ko‘ra, platsdarmdagi ukrain guruhi yuzga yaqin jangchidan iborat bo‘lgan. 1 iyul kuni Xerson oblastining okkupatsiya ostidagi qismiga Kreml tomonidan rahbar etib tayinlangan Vladimir Saldo Antonov ko‘prigi atrofida Dniproning so‘l qismi «butkul tozalangani» haqida aytdi, ammo shunday bo‘lgan taqdirda ham, katta ehtimol bilan ukrainlar bu hududda o‘rnashish harakatlaridan to‘xtamaydi.
















