10:22 / 03.07.2023
7291

Namoyishchilar Parij chekkasida merning uyiga hujum qildi

Namoyishchilar mashinada Parij yaqinidagi kommuna merining uyi hovlisiga kirib, keyin uni yoqib yubordi. Siyosatchining xotini va bolasi jabr ko‘rdi.

Foto: Reuters

Fransiyada davom etayotgan tartibsizliklar chog‘ida 2 iyul, yakshanbaga o‘tar kechasi Parij yaqinida bir guruh namoyishchilar L’Ay-le-Roz kommunasi meri Vensan Janbryunning uyi panjarasini buzib kirdi, deb xabar beradi France24. Noma’lum shaxslar hududga kirib borgan, shundan so‘ng avtomashinaga o‘t qo‘yib, uy panjarasini buzib kirgan, shuningdek, mer oilasining mashinasini va chiqindi qutilarini yoqib yuborgan.

Janbryunning o‘zi, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda ish joyida edi, biroq uning rafiqasi va ikki farzandi uyda bo‘lgan. Ular bog‘ orqali voqea joyidan qochishga uringan, biroq hujumchilar ularga qarata petardalar otishni boshlagan, deb xabar beradi Franceinfo radiostansiyasi. Ayol va bolalardan biri jarohatlangan.

Shu munosabat bilan Fransiya prokuraturasi odam o‘ldirishga urinish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi, deb xabar bermoqda OAV. Bundan tashqari, hodisa yuz bergan kuni ertalab France24 telekanalining voqea joyidagi muxbiri Janbryunning uyi “butunlay talon-toroj qilingani” haqida xabar berdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatning bir qancha shaharlarida 27 iyundan beri davom etayotgan tartibsizliklar munosabati bilan bayonot berishi kutilmoqda. Namoyishlarga politsiyachi otib o‘ldirgan 17 yoshli o‘smirning o‘limi sabab bo‘lgan.

 

Mavzuga oid
Top