O‘zbekiston | 08:15 / 04.07.2023
2500
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya to‘qimachilik brendi o‘z mahsulotlarini mahalliylashtirish uchun O‘zbekistonni tanladi

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Italiyaning Cotonella kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekistonda biznes yuritishning ustunliklari, mamlakatimizda yaratilgan investitsiyaviy muhitning amaliy jihatlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Italiya tomoni O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida mahsulotlar sifat darajasini yuksaltirish va ularni Yevropa bozorlariga eksport qilish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini bergan so‘nggi yillardagi yutuqlarni alohida ta’kidladi. Shu sababli kompaniya rahbariyati respublikaning Qashqadaryo viloyatida Cotonella Uzbekistan xorijiy korxonasini ochishga qaror qildi.

Uchrashuvda Italiya tomoni O‘zbekiston bozorida uzoq vaqt davomida faoliyat yuritish bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, korxona ishga tushirilgandan keyingi birinchi bosqichda yiliga 2 million donagacha tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, 80 nafargacha kishini doimiy ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Kompaniya ishlab chiqarilayotgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini yiliga 8 million donaga yetkazish uchun 5 million dollar yo‘naltirishni mo‘ljallamoqda. 500 tagacha yangi doimiy ish o‘rni ham yaratiladi.

Kompaniya konsepsiyasi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan birga uning barqaror rivojlanishini, narxlar raqobatbardoshligini, shuningdek, doimiy ravishda mahsulotlar dizayni takomillashib borishini va turlari ko‘payishini, kompaniya xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid