Bola o‘zi qanday zo‘ravonliklarga duch kelishi mumkin? Ota-onalar farzandlari zo‘ravonlar qo‘liga tushib qolmasligi uchun ularga nimalarni o‘rgatishi va bilishi lozim? Kun.uz bu borada ma’lumotlarni bir sahifaga jamladi.
Bolalar qanday zo‘ravonliklarga duch keladi?
Jismoniy zo‘ravonlik: bu urish, tepish yoki silkitish kabi zarar yoki shikast yetkazadigan jismoniy kuch ishlatishni o‘z ichiga oladi.
Jinsiy zo‘ravonlik: bolaga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya yoki huquqbuzarlikning har qanday shaklini – zo‘rlash, pornografiya yoki jinsiy tahqirlash kabi harakatlarni o‘z ichiga oladi.
Hissiy zo‘ravonlik: hissiy zo‘ravonlik bolaning o‘zini o‘zi qadrlashi, shaxsiy rivojlanishiga putur yetkazadigan xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Bu doimiy tanqid, tahqirlash yoki kamsitish tarzida bo‘ladi.
E’tiborsizlik: bolaning asosiy ehtiyojlarini, jumladan, oziq-ovqati, boshpanasi, sog‘ligi, ta’limi va ruhiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlamaslikni anglatadi.
Onlayn zo‘ravonlik: bugungi kunda dunyo bo‘ylab bolalar onlayn tarzda zo‘ravonliklarga ham uchramoqda. Ular bilan virtual tarzda munosabatlarga kirishish, shaxsiy suratlarini, ma’lumotlarini olib, shu orqali qo‘rqitish tobora ko‘payib boryapti.
Farzandingizga nisbatan zo‘ravonlik sodir bo‘lganini qanday bilish mumkin?
Bolalar zo‘ravonlikning har qanday turiga uchraganda ziyrak ota-ona buni seza oladi. Bolada buning belgi va alomatlarini ko‘rish mumkin. Masalan bolangizda xatti-harakatlarning o‘zgarishi, kayfiyatning keskin tushib ketishi, davralardan o‘zini olib qochish, qo‘rquv, jismoniy jarohatlar yoki shug‘ullanayotgan ishidan sababsiz voz kechish kuzatilishi mumkin. Ana shunday holatlarda bilingki, bolaga sizning yordamingiz kerak.
Bolalarga ushbu zo‘ravonliklarga duch kelganda o‘zini qanday tutish, zo‘ravonni yengish, o‘zini himoya qilish bo‘yicha maslahatlar berishga odatlanishimiz lozim. Chunki ota-ona – bolaning birinchi himoyachisi va suyangani hisoblanadi. Shuning uchun bu borada har bir ota-onada bilim va tushuncha bo‘lishi shart.
Ular o‘z bolalariga shaxsiy chegaralar, o‘z-o‘zini hurmat qilish va xavfsiz xatti-harakatlar haqida o‘rgatishlari, bolalar duch kelishi mumkin bo‘lgan har qanday tashvish yoki noqulay vaziyatlarni muhokama qilishga sharoit yaratishlari lozim.















