Mbappe «Real»ga bu yozda o‘tmaydi

«PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe bu yilgi yozgi transferlarda «Real»ga o‘tmaydi, deya yozmoqda Marca nashri.

Barchasi futbolchining moliyaviy talablari tufayli — fransuz hujumchisi Parijda oladigan maoshini yo‘qotishni istamayapti va «Real»dan 240 million yevro so‘ragan, shuning uchun Madrid klubi transferdan voz kechishga qaror qilgan. Endi futbolchini 2024 yilda erkin agent sifatida qo‘lga kiritish rejalashtirilmoqda. Lekin bu holda Mbappe «PSJ» bilan yangi shartnoma tuzishi varianti ham bo‘ladi.

2017 yilda «PSJ» Mbappeni «Monako»dan ijaraga olgan, bir yil o‘tib uning transfer huquqini 180 million yevroga sotib olgandi.

Forvard parijliklar bilan besh marta Fransiya chempioni bo‘ldi, uch bor mamlakat Kubogini yutib oldi va ikki martadan Superkubok va Fransiya ligasi kubogini qo‘lga kiritdi. U «PSJ» tarixidagi eng yaxshi to‘purar (212 gol) bo‘lib olgan.

2022/23 yillar mavsumida forvard parijliklar safida barcha turnirlar doirasida 43 o‘yinda 41 gol urdi va 10 golga uzatma berdi. Futbolchining klub bilan shartnomasi 2024 yil iyun oyi oxiriga qadar amalda bo‘ladi.

«Liverpul»ning yozdagi ikkinchi yirik xaridi

Dominik Soboslai. Foto: LIVERPOOL FC VIA GETTY IMAGES

«Liverpul» yozgi transferlar doirasida ikkinchi yarimhimoyachini safiga qo‘shib oldi. 22 yoshli vengr «Leypsig»da o‘zini ko‘rsatgan va endi Soboslaini dunyoning eng katta klublaridan biri transfer qildi. Dominik 2028 yilgacha shartnoma tuzgan, «qizillar» u uchun 70 mln yevro to‘lashgan. Soboslaiga «Liverpul» afsonasi Stiven Jyerrard o‘ynagan 8-raqamli futbolka berilgan. Ushbu raqam ostida o‘ynab kelgan Nabi Keyta ham «Leypsig»dan kelgandi, u shu yozda shartnoma tugagani tufayli Germaniyaning «Verder» klubiga yo‘l oldi.

Brozovich baribir «An-Nasr»ga o‘tdi

Marsel Brozovich. Foto: TWITTER.COM/ALNASSRFC_EN

Marselo Brozovich ham Saudiya Arabistoni chempionatiga o‘tdi. Avvaliga ushbu 30 yoshli xorvatiyalik yarimhimoyachi «Barselona»ga o‘tishi aytilgandi, Ispaniyada uni juda kutishayotgandi, ammo u qarorini o‘zgartirdi va «An-Nasr»da Ronaldu bilan jamoadosh bo‘ldi.