Dominik tez o‘sdi. U 19 yoshida Avstriya Bundesligasining asosiy kashfiyotiga aylanib, o‘zini tanitdi va shundan beri pasaymadi.

Futbolchining faoliyatidagi asosiy voqealar: u 17 yoshida «Zalsburg» tarkibida Avstriya Bundesligasida debyut qildi. 19 yoshidayoq mamlakat milliy jamoasida ilk o‘yinini o‘tkazdi. Hozircha Soboslaining milliy jamoadagi asosiy yutug‘i sifatida Yevro-2020 yo‘llanmasi uchun pley-offdagi g‘alaba golini aytish mumkin. Aytgancha, u — allaqachon milliy jamoa sardori, vatanida Dominikni Pushkash davridan beri eng katta iqtidor deb bilishadi. U 2019-20 yilgi mavsum yakunida Avstriya Bundesligasining eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Gol+assist tizimida 19 ball (9+10) to‘pladi.

2021 yil yanvarida u 22 mln yevro evaziga «Leypsig»ga o‘tdi va debyut mavsumidayoq Bundesligada uch bor oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Marko Roze kelishi bilan u rivojlanishda davom etdi (Bundesligadagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi). Murabbiy Soboslaini «Zalsburg»dagi faoliyatidan buyon bilardi. Futbolchi murabbiyning ta’siri haqida shunday deydi: «Marko yetarlicha professional emasligimni ko‘rsatdi. U bo‘lmaganida, men bunchalik tez rivojlanmasdim».

«Liverpul»ga o‘tish — vengriyalikning faoliyatidagi yangi bosqich. 70 mln yevro — «Leypsig» uchun rekord. Transfer haqidagi mish-mishlar paydo bo‘lishidan oldin Soboslai intervyu bergan, unda u Kloppning ilhomlantirish mahoratiga qoyil qolishini tan olgandi.

O‘tgan mavsum yakunida Dominik oldinga qadam tashlash zarurligi haqida gapirgandi: «Shu paytgacha men o‘z faoliyatimni ongli ravishda qurib kelganman va har doim o‘z vaqtida yangi bosqichga chiqqanman. Bir kun faoliyatimga nazar tashlab, undan unumli foydalana olmaganimni anglashni istamayman».

Soboslai o‘tmishning mashhur futbolchilaridan biri Bekhemni eslatadi. Gap faqat ularning ikkisi ham o‘ng qanot yarimhimoyachisi ekanida emas, ular o‘xshash ko‘nikmalarga ega.

Soboslai —Red Bull tizimida pressing qilishni o‘rgangan master

Dominik — ikki qanotda ham, markazda ham o‘ynay oladigan, «o‘nlik» yoki «sakkizlik» vazifasini bajara oladigan futbolchi. Universallik unga butun faoliyati davomida asosiy o‘yinchi bo‘lishga va turli tizimlarda o‘ynay olishiga yordam berdi. Roze o‘tgan mavsumda undan o‘ngda foydalangan.