Qozog‘iston 2023 yil oxirigacha Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan Sirdaryo havzasi resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirishni rejalashtirmoqda.
Kun.uz muxbiri Qozog‘istonning bu rejasi nimani anglatishi va uning O‘zbekiston uchun oqibatlari borasidagi savollar bilan Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevga yuzlandi.
— Qozog‘iston 2023 yil oxirigacha Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan Sirdaryo suv havzasi resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Bu nima degani o‘zi va uning natijasi O‘zbekiston uchun qanday ta’sir qilishi mumkin?
— Xalqimizda yangisini qurmay, eskisini buzma, degan gap bor. Markaziy Osiyoda suv bo‘yicha ko‘p kelishuvlar bor, shularga amal qilish kerak. Ba’zilarini takomillashtirish ham lozim.
Qozog‘iston Sirdaryoning quyi qismda joylashgan davlat. Buning ta’sirida esa suv taqchilligi ularga ko‘proq seziladi. Yildan yilga suv masalasi qiyinlashib borayotgani sababli ular ham o‘z manfaatlarini o‘ylayapti. Tushunsa bo‘ladi buni.
Siz aytgan suv kelishuvi aslida 1998 yilda tuzilgan. Ammo kelishuv o‘sha vaqtda 2-3 yil ishlab, keyin umuman ishlamay qo‘ygan. Yildan yilga shartlar buzilib borgan. Bu kelishuv uchala davlat rasmiylari tomonidan tasdiqlansa to‘xtashi mumkin. Qozog‘iston esa bu kelishuvni takomillashtirishni, ishlatishni xohlayapti. Ba’zi masalalar borki, uchala davlat ham amal qilish kerak.
Biz Qirg‘izistonga qishda elektr berish hisobiga suvni o‘zimizda saqlab qolamiz. Yozda esa elektrni qaytib olamiz. Bu ham kelishuv bandlaridan biri. Ayrim masalalarda 3-4 yildan beri Qozog‘iston bilan muloqot qilyapmiz. Agar qandaydir kelishuv bo‘lsa, O‘zbekiston tomoni uchun ham foydali bo‘ladi, bir tomon manfaati ko‘zlanmaydi faqat.
— Biz shartnomani o‘zgartirish haqida qancha gapirmaylik, u haqda sodda qilib gapirganda, bugun Qozog‘istonning maqsadi — ko‘proq suv olish, aniq masala bu. Xo‘sh, qozoqlar qancha suv olmoqchi-yu va ular ko‘zlagan miqdor biz uchun qanchalik xavotirli?
— Sovet ittifoqi davrida Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan sxemalar bor Amudaryo va Sirdaryo uchun alohida. Ittifoq tarqalgach, mustaqil davlatlar 1992 yilda kelishuvlarga amal qilish bo‘yicha shartnoma imzolashgan. Hozirgacha amal qiladi bu limitlar. Ba’zida Qozog‘istonga ko‘proq suv o‘tib ketyapti. O‘sha suvdan O‘zbekistonga qoldirish kerak. Aydarko‘l va shu kabi muammolarimiz bor. Har kim o‘ziga tortib, muvofiqlashtirish qiyin bo‘lyapti. Biz ham O‘zbekiston manfaatini ko‘zlab harakat qilamiz. Shu bilan birga qo‘shni davlatlar manfaatini ham hisobga olamiz. Xalqaro muloqotda ham birinchi navbatda O‘zbekiston manfaatini ko‘zlashimizni, lekin ularning manfaatini ham hisobga olishimizni ochiq aytaman o‘zim.















