Yozning birinchi oyi ortda qoldi va allaqachon qator jiddiy transferlar ro‘y berdi. Masalan, Lionel Messi va Karim Benzema Yevropadan ketdi, «Real» esa 103 mln yevrolik transferga qo‘l urdi. Quyida so‘nggi haftalarda ro‘y bergan Yevropa futbolidagi asosiy transferlar keltiriladi.

Karim Benzema: «Real» → «Al-Ittihod» (erkin agent)

Hozirgi «Real»ni Benzemasiz tasavvur qilish qiyin. Fransuz hujumchisi Madridda 14 yil o‘ynadi va muxlislar qalbidan joy egalladi. Karimning o‘zi Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tganidan keyin hamisha musulmon mamlakatda yashashni istagani haqida gapirdi. Uning «Al-Ittihod»dagi taqdimotiga 60 mingdan ortiq muxlis tashrif buyuradi. Albatta, bu transferda pul masalasi ham o‘z o‘rniga ega edi. Nima bo‘lganda ham, Benzema tijorat shartnomalari hisobga olinganda, bir mavsum uchun 100 mln yevro oladi. Bunday taklifga yo‘q deyish qiyin edi. O‘zining ketishi bilan Benzema anchadan transferlarda faollik ko‘rsatmay kelgan «Real»da transfer inqilobini boshlab berdi.

Lionel Messi: «PSJ» → «Inter Mayami» (erkin agent)

O‘tgan yilda Messi azaliy orzusiga erishdi — nihoyat jahon chempioniga aylandi. Mavsum yakunida esa shartnomasi muddati yakunlangani munosabati bilan «PSJ»ni tark etdi. Aftidan, Amerika klubi yulduzli futbolchi kelgani munosabati bilan daromadlarini sezilarli darajada oshiradi. Messining yangi jamoasidagi debyuti 21 iyulga belgilangan, bu o‘yin chiptalari narxi esa NBA final seriyasi uchun chiptalar narxidan qimmatroq. Bundan tashqari, argentinalik futbolchining kelishi «Inter Mayami»ning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari sonini keskin ko‘paytiradi. Futbolchining o‘zi avvaliga boshqa variantlarni ko‘rib chiqqanini (uni ham Saudiya Arabistoniga chaqirishgandi), ammo yakunda Shtatlarga o‘tishni ma’qul ko‘rganini tan oldi.

«Inter Mayami» prezidenti Xorxe Mas transfer tafsilotlarini so‘zlab berdi: «Leo shartnoma bo‘yicha yiliga 46 mln yevrodan 55 mln yevrogacha oladi.

Bunday darajadagi futbolchi bilan muzokaralar olib borish uchun juda ko‘p vaqt sarfladik. Men hamisha uning otasi Xorxe bilan aloqada bo‘lib turdim. Devid Bekhem (klub egalaridan biri) professional futbolchi bo‘lgani uchun Leo bilan faqat futbol mavzusidagi suhbatlar o‘tkazdi. Hech kim Messiga bosim o‘tkazishni istamadi, shuning uchun biz u bilan Barselonada ham, Mayamida ham, shuningdek, Rosario va Dohada gaplashdik. Butun jahon chempionati davomida men Argentina milliy jamoasi va Messining o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bordim. Apple bilan shartnoma Leo bilan shartnoma tuzishda muhim rol o‘ynadi».