Germaniya birinchi marta Avstraliyaga boshqa 12 davlatdan 30 mingga yaqin askar bilan qo‘shma mashg‘ulotlar uchun harbiylarini yuboradi. Bu haqda Bundesver quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni general-leytenant Alfons Mays 10 iyul, dushanba kuni Reuters agentligi tomonidan chop etilgan intervyusida ma’lum qildi. 

Agentlik ta’kidlashicha, Berlinning e’tibori Hind-Tinch okeani mintaqasiga qaratilmoqda, chunki u yerda keskinlik kuchaygan. 

«Ushbu mintaqa Germaniyada biz uchun ham, Yevropa Ittifoqi uchun ham iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik tufayli katta ahamiyatga ega», dedi Mays. 

240 nafar nemis askari, jumladan, 170 parashyutchi va 40 dengiz piyoda askarlari 22 iyuldan 4 avgustgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘tkaziladigan Talisman Sabre mashg‘ulotlarida ishtirok etadi, bu AQSh va Avstraliyaning eng yirik qo‘shma manyovridir. 

Nemis harbiylari Indoneziya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar askarlari bilan birga o‘rmonda urush olib borish va desant operatsiyalarida mashq qiladi. 

«Biz mintaqada tartibni barqarorlashtirishga hissa qo‘shadigan ishonchli va qobiliyatli hamkor ekanligimizni ko‘rsatishga intilamiz», - deya ta’kidladi Alfons Mays.