Bu yozgi transferlar oynasi ancha faol kechmoqda va hali iyulning yarmiga yetmasdan odatda so‘nggi kunlargacha cho‘ziladigan kelishuvlar amalga oshib ulgurdi.

Tabiiyki, masalan, Makalisterning «Liverpul»ga o‘tishi kabi uzukka ko‘z qo‘ygandek transferlar yetarli, ammo bu safar ko‘proq savol uyg‘otadigan o‘tishlarga to‘xtalib o‘tamiz. Katta pullar sarflangan bir qator katta transferlar borki, bir qaraganda, ma’lum bir muammoga yechimdan ko‘ra, murabbiylar qarshisida yangi masalalarni paydo qiladi. Bu shubhalar bu o‘tishlarning riskini oshirish bilan birga murabbiylardan alohida bir rejalar, yangi sxemalar va qo‘shimcha mehnat talab qiladi. Quyida o‘xshab qolsa, shubhasiz, jamoani bir pog‘ona yuqoriga kuchaytiradigan, ammo aksincha ehtimoli ham mavjud bo‘lgan transferlar haqida.

Jud Bellinhem – ReAL MADRID. 100 million yevro

Karim Benzemaning ketishi madridliklarning hujum chizig‘iga yangi futbolchi sotib olishni taqozo qiladi. Tabiiyki, Xoselu bu o‘ringa, ya’ni «Real»ning asosiy hujumchisi bo‘lishga munosib emasdek. Kilian Mbappening kelishi ehtimoli esa Benzema qoldirgan bo‘shliqni to‘liq yopishi qiyin. Albatta, «Real»dan yoz oxirigacha hujum chizig‘iga yana bir katta futbolchini kutishimiz mantiqan to‘g‘ri, ammo u holda, agar Vinisiusning ham almashtirib bo‘lmas futbolchi ekanini inobatga olsak, himoya+hujumdagi qolgan 4 pozitsiyaga nomzodlar haddan tashqari ko‘p emasmi? Valverde, Kroos, Modrich, Chuameni, Kamavinga va Bellinhem. Asosiy tarkibga intilayotgan va ko‘pincha ishonchni oqlaydigan Rodrigoni ham unutmaslik kerak. Yana bir yangi xarid bo‘lmish Arda Guler ijaraga ketmaydigan bo‘ldi, u qancha daqiqalarga ega bo‘ladi?

Albatta, Modrich yoki Kroos qirqdan ortiq uchrashuvda qatnashishi dargumon, ammo qachongacha katta pulga olib kelingan Tchuameni yoki Kamavingadan zaxira variant yoki qanot himoyasini yopishda foydalaniladi? Ko‘p futbolchilarga yetarli daqiqalarni topib berish imkoni bor, ammo qimmat narxga kelgan yuqori ambitsiyali futbolchilar o‘zining baribir ikkinchi darajali o‘yinlarda tushayotganini his qilishi oqibati nima bo‘ladi? Bir futbolchining kelishi boshqa futbolchining o‘sishida salbiy ta’sir qilishi, balkim, yakunda, yetarli imkoniyat berilmay sotilishi Bellinhem transferini qanchalik foydali qiladi? Savollar ko‘p.

Foto: «Real» rasmiy sayti

Karlo Anchelotti shogirdlarining kuchli tomonlaridan kelib chiqib, mos sxema va taktika topishiga o‘rganib qolganmiz. Katta ehtimol bilan «Real» har doimgidek avval butun dunyo ko‘z o‘ngida turgan iste’dodli futbolchi uchun kurashni g‘alaba bilan yakunlab, ana shundan keyin undan foydalanish yo‘llarini axtarishni boshlaydi. Ammo birinchidan, yarimhimoyaga maksimal futbolchilarni joylashtirib, hujumda Rodrigo-Vinisiusdan foydalanish varianti biroz tavakkalchilik, zero Vinisius aynan Benzemaning aqlli harakatlari, o‘z vaqtida ortga qaytib, unga zonalar ochishi yordamida bu qadar foydali bo‘lgandi. Ikkinchidan, yana rotatsiya varianti sifatida qolish, Tchuameni va ayniqsa, uchinchi yilki, asosiy pozitsiyasiga ega bo‘lmayotgan Kamavinga bilan muammolar paydo qilishi mumkin. Qochib bo‘lmas muammolar paydo qilishi mumkin bo‘lgan Bellinhem transferi uchun buncha ko‘p sarflangani biroz tushunarsizdek.