Tahririyatimizga Toshkentning Yakkasaroy tumani Kichik halqa yo‘li ko‘chasi 22-avtoturargoh o‘rnida qurilayotgan ko‘p qavatli uydan kvartira olish uchun shartnoma qilgan bir guruh fuqarolar murojaat qilishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular “Avtomotohavaskor Orlanda” MChJ bilan 2020 yilda shartnoma qilishgan. Shartnomada qurilish ishlari 2021 yilning 31 dekabrigacha tugallanib, uy foydalanishga topshirilishi kerakligi qayd etilgan bo‘lsa-da, murojaatchilar pudratchi shartnoma shartlarini bajarmayotgani, har safar turli bahonalar bilan qurilish ishlarini oxiriga yetkazmay kelayotganini aytishmoqda.

“Avtomotohavaskor Orlanda” MChJ bilan hali qurilmagan kvartirani sotib olish uchun birinchilardan bo‘lib shartnoma tuzganman. Oldi-sotdi shartnomasining 1-bandiga muvofiq uy narxining bir qismini boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘lab, qolgan qismini 24 oy davomida uzdim. Bir yil avval kvartira pulini to‘liq to‘lab bo‘lganman.
Shartnoma bo‘yicha uy 2021 yil 31 dekabrga topshirilishi kerak edi, lekin oradan 1 yil 6 oy o‘tdi hamki kvartirani topshirmadi. Shu yil mayda qurilish firmasi rahbari avgustgacha uylarimiz foydalanishga topshirilishiga va’da bergan, ammo bu ham bajarilmadi. O‘zim oilam bilan ijarada yashayapmiz. Uy aytilgan muddatda foydalanishga topshirilmagani uchun ikki karra xarajatga tushyapman, deydi murojaatchilardan biri.

“Obekt pasportida bu yerda 208 ta xonadonli 9 qavatli turar joy majmuasi qurilishi qayd etilgan. Umumiy qurilish maydoni 2576,4 metr kvadrat. Qurilishga 2019 yilning 5 iyun kuni ruxsat olingan. Kvartiralar sotuvi 2020 yilning boshida boshlangan.
Hamma bilan turli vaqtda shartnoma qilingani uchun hujjatlarda uylarni foydalanishga topshirish muddati har xil. Bu uy qiymatining katta qismi 24 oy davomida foizsiz bo‘lib to‘langani bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, eng oxirgi shartnomaga qaralganda ham pudratchi qurilishni topshirishga kechikayotganini ko‘rish mumkin. Ahvol shu zaylda davom etsa yil oxirigacha ham uylarimizni olishimizga ko‘zim yetmayapti. Ikki yuzdan ortiq odam uyi bitsa, ko‘chib kirish uchun kun sanayapti. Qayerga bosh urib borishni bilmayapmiz”,












