Jahon | 09:59 / 12.07.2023
9220
2 daqiqa o‘qiladi

Boku «Lochin» nazorat-o‘tkazish punktini vaqtincha yopdi

Ozarboyjon davlat chegara xizmatining bildirishicha, «Lochin» NO‘P orqali Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining transport vositalaridan foydalangan holda kontrabanda amalga oshirilgan.

«Lochin» nazorat-o‘tkazish punkti

11 iyul, seshanba kuni Ozarboyjon davlat chegara xizmati (DChX) «Lochin» nazorat-o‘tkazish punkti (NO‘P) faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi. Bunga «Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasiga qarashli avtomashinalar orqali kontrabandaga urinishlar» sabab sifatida ko‘rsatilgan. 

«Yuqoridagi faktlar yuzasidan Ozarboyjon Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, zarur tergov tadbirlari yakunlanguniga qadar «Lochin» NO‘P orqali o‘tish vaqtincha to‘xtatildi», — deya Rossiyaning «Interfaks» axborot agentligi Ozarboyjon DChXga tayanib xabar berdi.

Jurnalistlarga ko‘ra, Ozarboyjon tomoni kontrabandachilar Lochin yo‘lagi orqali olib o‘tgan deb hisoblayotgan «ruxsat etilmagan tovarlar» orasida telefonlar, quvvatlantiruvchi qurilmalar va benzin bor.

Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi kontrabandachilar faoliyatiga aloqadorlik gumonlarini rad etdi. «XQXQ Lochin yo‘lagi orqali ruxsat etilmagan yuklarni olib o‘tish borasida bildirilayotgan xavotirlardan xabardor va bunday faoliyatni qo‘llab-quvvatlamaydi. XQXQga tegishli bo‘lgan birorta ham transport vositasida ruxsat etilmagan tovarlar aniqlanmagan. Barcha yuklar Ozarboyjon bojxona nazoratidan o‘tkaziladi», - deyiladi tashkilot xabarida.

Xabarlarga ko‘ra, to‘rt nafar yollangan haydovchi vaqtinchalik XQXQ emblemasi yopishtirilgan avtomashinalarida bir qancha tijorat tovarlarini Tog‘li Qorabog‘ga olib o‘tmoqchi bo‘lgan. «Bu shaxslar XQXQ xodimlari emas edi va qo‘mita ular bilan tuzilgan xizmat shartnomalarini darhol bekor qildi. Bizning Lochin yo‘lagidagi ishimiz doimo insonparvarlik xarakteriga ega», - deya ta’kidladi tashkilot. 

Mavzuga oid