Sport | 18:06 / 14.07.2023
21229
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimiyati «Paxtakor» klubiga 7 milliard so‘m ajratdi

Foto: Paxtakor FK

Superliga davralar oralig‘ida o‘z tarkibini kuchaytirayotgan «Paxtakor» klubi Toshkent shahar hokimiyati tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi.

«E-qaror» yagona elektron tizimga joylashtirilgan hujjatga ko‘ra, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov qarori bilan «Paxtakor» futbol klubiga Toshkent shahar mahalliy budjetining zaxira jamg‘armasi hisobidan 7 milliard so‘m mablag‘ ajratish belgilangan.

Qarorda qayd etilishicha, mablag‘ «Paxtakor» FK MChJning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal xizmatlar va o‘yin o‘tkazish xarajatlarini qoplab berish uchun sarflanadi.

Ma’lumot o‘rnida, «Akfa» kompaniyasi homiyligidagi «Paxtakor» klubining raisi Jahongir Ortiqxo‘jayev sanaladi. Toshkent shahar sobiq hokimi o‘tgan oyda «Paxtakor»ning Qibraydagi qarorgohida futbolchilar bilan uchrashib, «klubga yaxshi sharoitlar yaratib berishda davom etilishini» ma’lum qilgandi.

«Paxtakor» O‘zbekiston chempionati 1-davrasidan keyin 28 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi va peshqadam «Navbahor»dan 1 ochkoga ortda qolmoqda, ammo «sherlar» zaxirasida bir o‘yin bor.

Avvalroq, Toshkent klubi Rossiyaning «Torpedo» jamoasidan Hojimat Erkinov «Paxtakor»ga qaytarilgani hamda jamoa safiga polshalik 32 yoshli legioner Mixal Kuxarchik kelib qo‘shilgani haqida e’lon qilgandi.

Mavzuga oid