Yana bir yulduzli futbolchi Saudiya Arabistoniga ketishi kutilmoqda, Lukaku esa barchasini o‘zi barbod qildi.

«Arsenal» supertransfer amalga oshirdi

APLda yangi transfer rekordi o‘rnatildi. Bu ertami kechmi ro‘y berishi tayin edi, ammo bunda kim bunday xarajat qilgani paradoksli vaziyat keltirib chiqaradi. Bu «Manchester Siti» yoki «Nyukasl»ning arab shayxlari ham, «Chelsi»ning pullarini behuda sarflaydigandek taassurot qoldirayotgan xo‘jayini Todd Boeli ham emas, balki uzoq yillar ziqnalik va ehtiyotkorlik so‘zlarining sinonimiga aylangan «Arsenal» bo‘ldi.

«Kanonirlar» muqaddam shunday omillar tufayli ko‘plab yulduzlaridan ayrilgandi, o‘tgan mavsumda esa dramani boshdan kechirdi va qo‘lidagi sovrinni boy berib qo‘ydi, shu tufayli yozda tarkibni kuchaytirishga qaror qildi. Angliya milliy jamoasining asosiy futbolchilaridan bo‘lgan Deklan Rays «Vest Hem»dan bonuslar bilan qo‘shib hisoblaganda rekord miqdordagi 105 million funt sterlingga (122 mln yevro) sotib olindi va londonliklarning bu yozdagi «Chelsi» forvardi Havers (71 mln yevro) va «Ayaks» himoyachisi Timberdan (42 mln yevro) keyingi uchinchi xaridiga aylandi.

Tomas Parti o‘rniga tayanch yarimhimoyasida ham, Jaka o‘rniga hujumkor yarimhimoyachi vazifasida ham o‘ynay oladigan ushbu 24 yoshli futbolchi bungacha butun faoliyatini «Vest Hem»da o‘tkazgandi va yangi klubida ham o‘zining sevimli 41-raqamida to‘p suradigan bo‘ldi.

«Milan» AQSh milliy jamoasining bosh yulduzin transfer qildi

«Milan» rasman «Chelsi» vingeri Kristian Pulishichni o‘z safiga qo‘shib oldi. Transfer qiymati 20 mln yevro va qo‘shimcha bonuslardan iborat. Pulishich 2027 yil yoziga qadar shartnoma tuzdi va unda bu kelishuvni yana bir yilga uzaytirish huquqi bo‘ladi. Kristian «Milan»da 11-raqamni o‘ziniki qildi. Amerikalik vinger 2019 yildan buyon «Chelsi» safida o‘ynab kelayotgandi, undan oldin esa Dortmundning «Borussiya» klubi a’zosi bo‘lgandi.

Aaron Remsi uyga qaytdi

«Arsenal»ning sobiq yarimhimoyachisining faoliyati yakunlanib bormoqda. «Yuventus»da ishlari yurishmagan futbolchi Remsi endi «Nitssa»ni ham tark etdi va kutilganidek erkin agent sifatida «Kardiff Siti»da paydo bo‘ldi. Bu klub 32 yoshli futbolchi uchun qadrdon klub sanaladi — u aynan shu klubda tarbiyalangandi va faoliyatini boshlagandi. Aaron bilan shartnoma ikki yilga mo‘ljallangan.