Sirdaryolik Ravshan Xo‘janov uzoq yillardan beri energetika sohasida faoliyat yuritadi. U 2007 yildan beri Germaniyada yashab kelmoqda. Mutaxassis qanday qilib Germaniyaga borib qolgani, u yerdagi hayoti, O‘zbekistonga qaytib, Moliya vazirligida ma’lum muddat ishlagani, mamlakatda energetikaning kelajagini qanday ko‘rishi haqida Kun.uz’ga gapirib berdi.

Energetika sohasiga qiziqishi haqida

— Sobiq ittifoq davrida qurilgan Markaziy Osiyodagi eng katta elektrostansiya bizning shahrimiz (Shirin)da edi. 1972 yilda qurilgan, quvvati taxminan 3 ming megavatt. Otam o‘sha stansiyada ishlardi. O‘zim bu sohaga kirib kelishim 1995 yilda Toshkentga kelishimdan boshlangan. Toshkent davlat texnika universitetining energetika fakultetida elektrostansiyalar yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni bitirganman. Keyin 2 yil energetika menejmenti yo‘nalishida ham o‘qiganman. Shundan so‘ng Shirin shahridagi kasb-hunar kollejida bosh muhandis-pedagog va maxsus fan o‘qituvchisi bo‘lib ishlay boshlaganman.

O‘sha paytda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida kasb-hunar kolleji o‘qituvchilarining malakasini oshirish loyihasi bo‘lgan. 2003 yilda nemis tilini o‘rganib, 2004 yilda 6 oyga malaka oshirish uchun Germaniyaga borganmiz. Germaniyadagi ilm-fanga bo‘lgan e’tiborni ko‘rib shu yerda ishlashni maqsad qilib, 2007 yilda Germaniya akademik almashinuv dasturi doirasida 10 oylik qisqa muddatli stipendiya yutib olganman va oilam bilan ko‘chib kelganman.

Bu yerda Amaliy texnika universitetida IESlarini modernizatsiya qilish va unga muqobil energiyani tatbiq etish bo‘yicha loyihalar qilib, asosan, Germaniyaning fondlari orqali mablag‘ olib, loyihalarni O‘zbekistonga yo‘naltirganmiz.

Germaniyada qanday qilib qolib ketgani haqida

— 10 oylik dastur tugagach, u yerda germaniyalik olimlar hamda muhandislar bilan IESlarda yoqilg‘ini tejash uchun quyosh elektrostansiyalaridan foydalanish bo‘yicha fikrlashganmiz. Shunda biz “Volkswagen” kompaniyasi, Germaniya ta’lim vazirliklariga loyihalar topshirib, grant yutganmiz. Shunday loyihalar asosida o‘zbek va nemis olimlari birgalikda ishlaganmiz. 2010 yilda birgalikdagi birinchi grantimiz “Volkswagen” tomonidan berilgan, keyinchalik “Aleksandr Humboldt” grantini ham yutganmiz. Ketma-ket loyihalar ulanib ketavergach, Germaniyada qolish muddatim uzaygan.

Loyihalarimizga mablag‘ olganimizdan keyin 2011 yildan 2018 yilgacha O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi turli loyihalarda rahbar bo‘lib ishlaganman. 2016 yilda yangi hukumat kelgach, xorijdagi o‘zbekistonlik mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb qilish boshlandi. Men ham shu asosida 2019-2022 yillar davomida O‘zbekiston Moliya vazirligida davlat energetik korxonalari boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlaganman.