2021 yilning kuzida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodan kelgan minglab muhojirlar Yevropa Ittifoqiga kirish uchun Polsha-Belarus chegarasini yorib o‘tishga harakat qilgandi. Polsha bu Aleksandr Lukashenko tuzumi gibrid hujumining bir qismi ekanini ta’kidlab, harbiy xizmatchilarni og‘ir texnika bilan birga chegaraga olib kelgandi.

Vilnyusdagi NATO sammiti boshlanishidan bir necha kun oldin Polsha «vaziyatni beqarorlashtirish»ga urinishlarga tezkor javob berish zarurati tufayli Belarus bilan chegaraga yana minglab askar va 200 ta texnika tashladi.

NATOning sharqiy qanotidagi siyosatchilar chegaraga hujumlar takrorlanishi va ular bu safar yaxshi tayyorlangan va qurollangan «Vagner» yollanma askarlari tomonidan sodir etilishi mumkin, deya gumon qilmoqda.

Shafqatsiz «migrantlar»

Vilnyusdagi sammitdan bir hafta oldin Litva va Polsha «Vagner» yollanma askarlari chegaraga tashlanishi ehtimoli sabab ittifoqchi davlatlar rahbarlariga chegaralarni mustahkamlashda yordam so‘rab rasmiy xat yo‘lladi.

Sammitda ham xuddi shu ritorika davom etdi.

«Tasavvur qiling, besh ming shafqatsiz, yaxshi o‘qitilgan yollanma askarlar muhojirlar yo‘li orqali o‘tishga harakat qilmoqda... Agar ular Yevropaga o‘tib olsa nima qiladi?», degan Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh.

Uni Polsha prezidenti Anjyey Duda qo‘llab-quvvatlagan. «NATOning barcha forumlarida va barcha ikki tomonlama uchrashuvlarda biz ikkita masalani ko‘taramiz, bular «Vagner» va taktik yadro qurollarining Belarusga joylashtirishi», degan Polsha rahbari.

Xuddi shu mavzuni Litva prezidenti Gitanas Nauseda ham ko‘targan. «Men Baydenga Belarus muammoga aylanib borayotganini allaqachon aytdim. Mintaqamizdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tobora yomonlashmoqda», deya muammoga to‘xtalgan u.

Norasmiy suhbatlarda g‘arbiy hamkorlar yelka qisib, yangi tahdidga javob berishga tayyor emasliklarini tan olgan, ustiga-ustak Sharqiy Yevropa davlatlaridan boshqa hech kim hali bu tahdidni ochiq ko‘rmayapti.

«Biz nima bo‘layotganini kuzatib boramiz. Va, albatta, Litva bilan qo‘shni mamlakatlarda sodir bo‘layotgan voqealar biz uchun muhim. NATO har qanday potensial tahdiddan o‘zini himoya qilishga tayyor, ammo biz hozircha «Vagner»ning Belarusga joylashtirilishini ko‘rmayapmiz», dedi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.