Oliy sud ochiqlagan statitik ma’lumotlar – 2019-2022 yillar hamda 2023 yilning birinchi choragidagi ko‘rilgan jinoyat ishlari va sudlanuvchilar soni, jinoiy va ma’muriy jazo turlariga doir statistik ma’lumotlarni qamrab oladi. Kun.uz bu ma’lumotlar asosida eng muhim ko‘rsatkichlar diagrammasini taqdim qilmoqda.
Respublika bo‘ylab birinchi instansiya sudlarida ko‘rib chiqilayotgan ishlar va sudlanuvchilar soni yildan yilga oshib bormoqda (1-jadval). Masalan, 2019 yilda 28 ming 846 ta sud majlislarida 36 mingdan ortiq sudlanuvchi qatnashgan. 2022 yilga kelib raqamlar mos ravishda 2 barobardan oshgan: 58 mingdan ortiq sud majslida 75 ming sudlanuvchi.

O‘z navbatida, jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlislarining ortishi mazkur muddatda sudlangan shaxslar sonining ortishiga ham olib kelmoqda (2-jadval). 2019 yilda 27603 kishi sudlangan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bir yilda 56 mingdan ortiq shaxslar sudlangani ma’lum bo‘ldi.

2019-2022 yillar davomida taraflarning yarashgani munosabati bilan, Jinoyat kodeksi 66-1-moddasiga ko‘ra, ish yurituvidan tugatilgan jinoyat ishlari soni ham, unda qatnashuvchilar soni ham qariyb 2 barobarga o‘sgan.

Oliy sudga ko‘ra, 2019 yildan buyon har yili 20 mingdan ortiq shaxs muddatidan oldin jazodan shartli ozod qilinadi, 10 ming atrofidagi sudlanuvchilarning jazosi esa yengilrog‘iga almashtiriladi.

Oliy mahkama taqdim qilgan raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonda og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi ayrim jinoyatlarni sodir qilayotgan shaxslar ham ko‘payib bormoqda (5-jadval). Masalan, ushbu davrda qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlar bir yilda 376 tadan 422 taga, nomusga tegish bilan bog‘liq jinoyatlar esa yiliga 154 tadan 170ga oshgan.















