Dushanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Krasnodar o‘lkasini anneksiya qilingan yarimorol bilan bog‘lovchi Qrim ko‘prigida portlashlar ro‘y berdi. Ikki kishi halok bo‘ldi, ko‘prik bo‘ylab harakat to‘xtatildi. Moskva Kiyevni ayblamoqda, Ukraina hukumati hujum uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmagan. BBC Ukraina xizmatining Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi anonimlik sharti bilan dengiz dronlari orqali maxsus amaliyot o‘tkazilganini aytib bergan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin shu kuni kechqurun onlayn-yig‘ilish o‘tkazib, unda «Rossiya tomonidan javob bo‘lishi»ni va’da qildi.

Nimalar ro‘y berdi?

Dastlab Qrim yarimoroliga Rossiya tomonidan tayinlangan rahbar Qrim ko‘prigining Kuban tomondan kelishdagi 145-tayanch ustuni hududida «favqulodda hodisa» ro‘y berganini aytdi, ammo aynan tafsilotlarga aniqlik kiritilmadi.

Mahalliy manbalar ikki kuchli portlash haqida xabar berdi, telegram-kanallarda e’lon qilingan fotosuratlarda ko‘prikning ikki oraliq yopmasi (prolet) jiddiy shikastlanganini ko‘rish mumkin. Shot telegram-kanali Tamani tomondagi prolet vayron bo‘lgani, Kerch yo‘nalishdagi prolet cho‘kib qolgani haqida yozgan.

Rossiya tergov qo‘mitasi terakt moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan. Rossiya milliy aksilterror qo‘mitasi ko‘prikka ikkita suvusti droni bilan hujum qilinganini bildirgan. Ikki idora ham hujumda Ukrainani ayblagan.

Mash telegram-kanali aniqlik kiritishicha, gap portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan dronga aylantirilgan «suv mototsikllari»dir.

Portlash natijasida Belgorod oblastidan bo‘lgan juftlik halok bo‘ldi, ularning qizi jiddiy jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi.

Ukrainadagi urush boshidan buyon bu ushbu ko‘prikdagi ikkinchi shu kabi hodisadir. Avvalgisi 2022 yil oktyabrida amalga oshirilgandi.

Ukrainadagilar ko‘prikka qilingan hujum haqida nimalar deyishmoqda?

Ukraina hukumati ko‘prikka zarar yetkazilgani uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmayapti. Ammo BBC Ukraina xizmatining Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi tunda Qrimga uyushtirilgan hujum Ukraina havo-dengiz kuchlari va Ukraina xavfsizlik xizmatining maxsus amaliyoti bo‘lganini aytgan.

«Ko‘prikka suvusti dronlari orqali hujum qilindi. Ko‘prikkacha yetib borish qiyin bo‘ldi, ammo oxir-oqibat biz bunga erishdik», — degan manba. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan.