Ukrainaning qarshi hujumi boshlanganidan bir yarim oy vaqt o‘tganidan keyin Rossiya qo‘mondonligi bundan buyon shunchaki passivlik bilan Ukraina qurolli kuchlarining yangi zarbalarini kutib o‘tirmaslik kerak, degan qarorga keldi. Bungacha RF qurolli kuchlari ukrain armiyasi himoyada qolgan yo‘nalishlarda kichik kuchlar orqali alohida zarbalar berish bilan cheklanayotgandi. Endilikda rossiyaliklarning turli yo‘nalishlardagi zarbalari sinxron olib borilmoqda va bu hujumlarda ishtirok etayotgan kuchlar soni oshirilgan. Katta ehtimol bilan, Rossiya mudofaa vazirligi endi Ukraina qurolli kuchlari mamlakat janubi yoki Baxmut hududidan boshqa qayerdadir kutilmaganda asosiy zarba berib qolishidan xavotirlanmayapti. Endi yuqori intensivlikdagi janglar deyarli butun front chizig‘i bo‘ylab ketmoqda — Xarkiv oblastining Rossiya bilan chegarasidan tortib Xerson atrofigacha.
Tomonlarning har biri tomonidan tutashuv chizig‘ining turli uchastkalarida amalga oshirilayotgan bunday lokal yurishlarning barchasi aniq strategik maqsadlarni ko‘zlamaydi. Ammo ularning barchasi birgalikda — sillani quritishga qaratilgan urushning navbatdagi bosqichining bir qismidir. Ikki raqib ham bu yozda imkon qadar ko‘proq texnika va jonli kuchlarini yo‘q qilish uchun bir-birining zaxiralarini jangga jalb etishga umid qilmoqda. Frontning narigi tomonidagi kuchlar quriganida esa, yana o‘z kuchlarini jamlash va strategik vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yurish boshlash haqida o‘ylash mumkin bo‘ladi.
Ukraina janubi

Ukraina qurolli kuchlari o‘z pozitsiyalarini Rossiya istehkomlaridan ajratib turgan besh-olti kilometr kenglikdagi polosadan, RF qurolli kuchlarining birinchi mudofaa chizig‘idan o‘tishga urinishda davom etmoqda. Bu minalangan dalalardan iborat, ahyon-ahyonda rossiyaliklarning tankka qarshi raketa komplekslari va qishloqlardagi kichik garnizonlari uchraydigan «hech kimga qarashli bo‘lmagan» hududdir. Bu hudud hamon ukrain armiyasi tomonidan oxiriga qadar bosib o‘tilmadi.
- Zaporijjya oblasti g‘arbida (Dnipro daryosining chap sohili) Ukraina qurolli kuchlari ikki qishloq, Lobkove va Pyatixatki qishloqlarini ozod etib, RF qurolli kuchlarining janubi-g‘arbda joylashgan qo‘shni Jyerebyanki qishlog‘idagi tayanch punktlariga bostirib kirishgan. Pyatixatki tomondan bu yo‘nalishda oldingi siljishga qaratilgan har kungi urinishlar hozircha samara keltirmayapti. Noma’lum sababga ko‘ra, Ukraina QK qo‘mondonligi hamon bu hududdagi asosiy zarba yo‘nalishini o‘zgartirishga harakat qilmayapti. Katta ehtimol bilan, baribir shunday qaror qabul qilingan: ukrain qo‘shini Dnipro sohilidan — Kamenskiy (Ukraina QK nazoratida) va Vasilyivka (RF QK nazoratida) o‘rtasidagi hudud bo‘ylab harakatlana boshlagan.


















