Qator hududlarda o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pul olgan OTM xodimlari qo‘lga tushdi
Andijon davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 19 ming dollar olgan shaxs qo‘lga olindi. U shundan 16 ming dollarni dekan o‘rinbosariga berishi kerak bo‘lgan. Bu ish doirasida universitetning yana bir o‘qituvchisi ushlangan.
O‘zbekistonning qator hududlarida OTMga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pul olgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD hududiy boshqarmasi va viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, uni Andijon davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 19 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, mazkur fuqaro ushbu pul mablag‘idan 16 ming dollarni Andijon davlat tibbiyot institutida dekan o‘rinbosari lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, so‘ralgan pulni olgan vaqtida u ham ushlangan. Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan ushbu oliy o‘quv yurtining o‘qituvchisi ham qo‘lga olingan.
DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi shaxs ikki nafar fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetining boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 12,5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro davlat pedagogika instituti xodimi ikki nafar fuqaroni mazkur oliy o‘quv yurtining harbiy ta’lim fakultetiga o‘qishga kirish uchun bo‘ladigan imtihonlardan o‘tkazib qo‘yish evaziga 5 ming dollar talab qilib, oldindan 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQKD hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Guliston tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxs Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroni Guliston davlat universitetining jismoniy tarbiya yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming dollar talab qilib, 3900 dollar va 1 million 150 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi, 1995 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini Qozog‘istondagi universitetning 2-bosqichini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirib, O‘zbekistondagi OTMlardan birining 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 1600 dollar olgan vaqtida DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi va shahar IIBB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
18:25 / 13.12.2024
KXDR fuqarolari AQSh kompaniyalariga yollanib, soxta ismlar ortidan pul topgani ma’lum bo‘ldi
21:00 / 09.12.2024
200 dollarlik fotosurat, “ish bitirgan” kurka bolalari va qo‘shmachining “tanka”si – noodatiy poralar
14:08 / 03.12.2024
Vetnamning eng badavlat ayoli firibgarlik bo‘yicha ish apellyatsiyasida yutqazdi. Endi 9 mlrd dollar topa olmasa, uni qatl etishadi
19:25 / 02.12.2024