«Ukraina qo‘shinlari ikki oydan beri Rossiyaning «Surovikin chizig‘i» deb ataluvchi juda mustahkam mudofaa pozitsiyalarini yorib o‘tishga harakat qilmoqda», deb yozadi Uotling Britaniyaning Observer gazetasida chop etilgan «G‘arb Ukraina qo‘shinlarini tayyorlashga e’tibor qaratishi kerak, aks holda biz to‘lov qilishimizga to‘g‘ri keladi» deya nomlangan maqolasida.

Quyida ushbu maqolaning asosiy tezislari.

Texnika va qurollar

Muvaffaqiyatli qarshi hujum operatsiyalarini o‘tkazish uchun ukrainaliklarga nimalar kerakligi G‘arb poytaxtlariga 2022 yil yozidayoq ma’lum bo‘lgandi — bular artilleriya, muhandislik jihozlari, taktik havo mudofaasi, ko‘chib yuruvchi mudofaa vositalari (piyodalar mashinasi va boshqalar) va xodimlarni tayyorlash.

Ukrainaliklar qurol, snaryad va zirhli transport vositalarini yetarli miqdorda oldi. Muhandislik va taktik havo mudofaasi texnikalari esa kamroq hajmda yetkazib berildi.

Biroq, 2022 yil sentabr oyidayoq Ukraina qurolli kuchlariga zirhli transport vositalari kerakligi ma’lum bo‘lganiga qaramay, ularni yetkazib berish to‘g‘risidagi qaror faqatgina 2023 yil yanvar oyida qabul qilindi va hozircha qisman bajarildi.

Bundesver o‘quv bazasidagi ukrain harbiylari

Bir necha oylik kechikish rus qo‘shinlariga mudofaa chizig‘ini qurish uchun vaqt berdi, bu esa ukrainaliklarning vazifasini ancha qiyinlashtirdi. Ukraina kuchlari turli tayyorgarlik holatida bo‘lgan G‘arb tizimlarini o‘zlashtirish va o‘z harbiylarini juda murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishga tayyorlash uchun ikki oylik muddatga ega bo‘ldi.

Shaxsiy tarkib tayyorlovi

Uotlingning so‘zlariga ko‘ra, yana bir muammo shuki, mashg‘ulotlarning katta qismi yaxshi o‘ylab chiqilmagan.

Ukraina hamkorlari ukrainalik askarlarni yakka tartibda tayyorlashni afzal ko‘rayotgani sababli, shaxsiy tarkibni o‘qitish asta-sekin bormoqda.

«G‘arb tanklar va piyodalar jangovar mashinalarini Ukrainaga topshirish haqidagi qaror qabul qilingandan so‘ng, siljish sodir bo‘ldi — ukrainaliklar endilikda bo‘linma-bo‘linma tarzida o‘qitilmoqda», deydi Uotling.