«PSJ» va jamoa sardori munosabatlarida yana bir keskin burilish ro‘y berdi. Gap 700 million yevro haqida bormoqda. «Sport-Ekspress» sharhlovchisi Andrey Kuzichev bu transfer atrofidagi so‘nggi holatni tahlil qildi.
Nazardan qolgan
Vaqti kelib «PSJ» va Kilian Mbappe munosabatlari tarixi haqida hozirgidek virtual serialmas, haqiqiy kino olinishi shubhasiz. Juma kuni esa virtual serialning navbatdagi mavsumi boshlangandi, o‘shanda parijliklar klubi rahbariyati jamoa sardorini Yaponiyaga turnedan chiqarib tashladi, agar u 31 iyul kuniga qadar shartnomani 2025 yilgacha uzaytirmasa yoki boshqa klubga o‘tish bo‘yicha qaror qabul qilmasa, transferga qo‘yiladi. Aks holda — Mbappening atrofidagilarga yetkazilgan ma’lumotga ko‘ra — o‘jar yulduz butun mavsumni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazadi.
Bu tarixning yangi tafsilotlari paydo bo‘layotganida Mbappe allaqachon transferga qo‘yilgan Leandro Paredes, Jorjino Vaynaldum va Abu Diallo bilan birgalikda shug‘ullanmoqda. Mashg‘ulotlardan biridan keyin baza tashqarisida Kilian mashinasidan chiqib, muxlislarni avtograf va birgalikdagi foto bilan xushnud etdi. Barchasi juda samimiy edi. Bundan tashqari, futbolchini Milliy professional futbolchilar kasaba uyushmasi qo‘llab-quvvatlab, Fransiya hukumatini nihoyat Qatar va «PSJ»ga qarshi turish uchun kuch topishga chaqirdi, chunki bu klub avval ham yangi shartnoma imzolashdan bosh tortgan Adriyen Rabioni o‘yin amaliyotidan mahrum qilib, boshqa futbolchilarga ham bosim o‘tkazgandi.
Biroq, Le Parisien nashri ma’lumotiga ko‘ra, klubning qat’iy pozitsiyasiga qaramay, parijliklarning advokatlari va futbolchi o‘rtasida muzokaralar olib borilgan, undan maqsad madaniyatli yechim topish. Ayni vaqtda bu serialdagi aktyorlar soni geometrik progressiyada o‘sib, Mbappe uchun da’vogarlar safida «Real»dan tashqari «MYu», «Chelsi», «Tottenhem» va «Al-Hilol» ham paydo bo‘ldi.
Saudiya Arabistoni klubi avvaliga bu poygada autsayderdek ko‘rinayotgandi, podshohlikka Krishtianu Ronaldu va Karim Benzema boshchiligida desant tashlangan bo‘lsa-da, hali juda yosh bo‘lgan Mbappening Yaqin Sharqqa borishi ilmiy fantastikani eslatib yuboradi. Shunga qaramay, aynan «Al-Hilol», o‘tgan oyda Lionel Messini kelishga ko‘ndira olmagan klub aniq qadamlar tashladi.
















