O‘zbekiston | 14:02 / 26.07.2023
6638
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish uchun mehnat arbitraji faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi

Doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi mehnat arbitraji to‘g‘risidagi namunaviy nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Jamoaviy mehnat nizosi (nizo) quyidagi holatlarda mehnat arbitrajida ko‘rib chiqilishi mumkin:

– nizo mediator tomonidan ko‘rib chiqilib tomonlar kelishuvga erisha olmaganda;
– nizoni mediator tomonidan ko‘rib chiqishda tomonlar mediator nomzodi bo‘yicha kelishuvga erishish muddati tugagan bo‘lsa;
– taraflar nizoni mediator bilan hal etishni rad etsa.

Mehnat arbitraji respublika darajasida 7 nafar, tarmoq darajasida  5 nafar hamda boshlang‘ich va hududiy darajada 3 nafar arbitrni o‘z ichiga oladi.

Arbitrlar davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mutaxassislari orasidan shakllantiriladi.

Arbitrlar oliy ma’lumotga hamda mehnat sohasida kamida 3 yillik stajga ega bo‘lishi kerak. Arbitrlar nizoni hal etishga jalb qilinganda o‘rtacha ish haqi saqlab qolinib asosiy ishidan ozod qilinadi.

Taraflar mehnat arbitrajiga ariza berishdan avval arbitraj qarorlarini bajarish majburiyligi to‘g‘risidagi shartni o‘z ichiga olgan kelishuv tuzadi. 

Mehnat arbitraji nizoni quyidagi muddatlarda ko‘rib chiqadi:

  • boshlang‘ich va hududiy darajada – 5 ish kunigacha;
  • respublika va tarmoq darajasida – 10 ish kunigacha.

Mehnat arbitraji nizo bo‘yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

  • taraflar nizoni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishganligi to‘g‘risida;
  • taraflardan biri nizo bo‘yicha talabdan voz kechganligi to‘g‘risida;
  • nizoni taraflardan birining foydasiga hal qilish to‘g‘risida.

Mehnat arbitraji qarori taraflar uchun majburiy kuchga ega hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, mehnat arbitraji – yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmaganda taraflar o‘rtasidagi jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) uchun tuziladigan doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi organ.

Mavzuga oid