Prezident farmoni bilan respublikada faoliyat yurituvchi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallari bakalavriati va magistraturasiga qabul bir o‘quv yilida bir marta (iyun — sentabr oylari oralig‘ida) amalga oshirilishi belgilandi.
Farmondagi o‘zgarishga ko‘ra, zarur hollarda, oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga bir o‘quv yilida ikkinchi marta qabul qilishga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining taklifiga asosan Davlat komissiyasi tomonidan ruxsat etilganda yo‘l qo‘yiladi.
Biroq “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish tartibi ushbu ta’lim tashkilotlari tomonidan belgilanishi kerak.
Qonundagi ayni mana shu talabning buzilishi ta’lim faollarining e’tiroziga sabab bo‘lyapti.
Yiliga bir necha martalik qabul – keng tarqalgan amaliyot
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning qayd etishicha, yangi tartibning savolli o‘rinlari ko‘p.
“Shu paytgacha ayrim nodavlat OTM va xorijiy OTM filiallari yil davomida bir necha marta qabul e’lon qilgan. Masalan, Webster universiteti yilda 3 marta qabul qilib kelgan, TeAM universitetida ham qishki qabul bor edi. Umuman, bu (yil davomida bir necha marta talabalarni qabul qilish) butun dunyoda keng tarqalgan amaliyot sanaladi.
Farmon loyihasini tayyorlagan va “tepa”ga kiritgan idora [Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi] mazkur hujjatning o‘zidan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjat — qonunga qay darajada mosligini tahlil qilganmi?” deb yozadi Komil Jalilov.
“Xususiylarga ikkinchi variant sifatida qarash yo‘qoladi”
Ta’lim sohasida tadbirkor Bektosh Hotamov esa bu qaror to‘g‘ri bo‘lgani haqida munosabat bildirdi. Sababi “abituriyentlar odatda nodavlat yoki xorijiy oliygohlarni davlatnikidan yiqilib qolsa, ikkinchi variant sifatida ko‘rishar edi.

















