15:43 / 31.07.2023
75570

iPhone 15dagi o‘zgarishlar: titanli korpus, ko‘pfunksionalli yangicha tugma va USB-C

Bloomberg nashri kuzda taqdim etiladigan iPhone 15 va 15 Pro telefonlarining ayrim detallaridan voqif bo‘ldi. Apple smartfonlarida yangi dasturlanadigan tugma paydo bo‘ladi, ekran hoshiyasi bir millimetrga yupqalashadi, korpusi titan va shishadan tayyorlanadi, Lightning tuynugi esa tarixda birinchi bor USB-C portiga almashtiriladi.

iPhone 14 Pro. Foto: Justin Sullivan / Getty Images

Taqdimot marosimi sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan yangi iPhone smartfonlari seriyasi yangi tugma, kattaroq o‘lchamdagi ekran, yaxshilangan kamera va protsessor bo‘ladi. Bu haqda Bloomberg nashri o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Agentlik tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, standart iPhone 15 modelida ilk bor Dynamic Island — frontal kamera uchun qo‘shimcha funksionallarga ega kesim paydo bo‘ladi. Pro va Pro Max seriyalari displeylari LIPO texnologiyalari bo‘yicha tayyorlanadi va shu tufayli ekran hoshiyasi 0,7 mm.ga yupqalashadi va uning kengligi bor-yo‘g‘i 1,5 mm bo‘ladi.

iPhone Pro’ning dizayni ham o‘zgaradi: korpus ramasi titan qorishmasidan tayyorlanadi, orqa paneli esa xiralashtirilgan shishadan. Telefonning ichki qurilmasi ham o‘zgartiriladi, bu esa uni ta’mirlashni osonlashtiradi, deb yozadi Bloomberg.

iPhone 15 bazaviy modelida ilk bor odatiy Lightning tuynugi o‘rnida Android smartfonlariniki kabi USB-C V porti paydo bo‘ladi. Bu sim orqali ma’lumot uzatish tezligini oshiradi, biroq foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha xarajatlarga olib kelishi mumkin, deb yozadi agentlik.

iPhone 15 smartfonlarining protsessori ham o‘zgaradi — qurilmaga iPhone 14 Pro va 14 Pro Max’da o‘tgan yili foydalanilgan A16 chipi o‘rnatiladi. O‘z navbatida, Pro-modellar yangi, 3 nanometrli protsessorga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, iPhone 15 va 15 Pro kameralari ham juz’iy tarzda o‘zgartiriladi. Gap, xususan, 15 Pro Max telefonlaridagi yangi obektivlar va optik yaqinlashtirishning kengaytirilgan diapazoni haqida bormoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Apple yangi seriyada shuningdek ovozni kuchaytiruvchi va pasaytiruvchi tugmalar, ovozsiz rejimga o‘tkazish tugmasini ham yangi, vibratsiyalanuvchi tugmalarga almashtirishni rejalashtirgan edi. Biroq ishlab chiqishdagi murakkabliklar tufayli bu yangilikni keyinroqqa qoldirgan. Yangi iPhone’da ovozsiz rejimga o‘tkazish tugmasi o‘rnida dasturlanuvchi Action Button tugmasi joriy etilmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, tugmadagi funksiyani menyu orqali o‘zgartirish mumkin, masalan kamerani yoki fonarni yoqishga.

Yangi iPhone’larning narxi AQShdan tashqarida o‘tgan yilgi modellarga nisbatan balandroq bo‘ladi. AQShda titanli korpus va yangi kameralar tufayli Pro-modellar narxi oshishi mumkin. Masalan, o‘tgan yili titandan tayyorlangan Apple Watch narxi zanglamaydigan po‘latdan tayyorlangan smart soatlarga nisbatan 100 dollarga qimmatroq qilib belgilangandi. 

Mavzuga oid
Top