14:30 / 02.08.2023
8300

Moldova poytaxtida Mercedes Rossiya elchixonasi darvozasiga borib urildi

Haydovchi Rossiya diplomatik missiyasi darvozasiga borib urilgan va qochishga uringan. Politsiya jinoyatchini qo‘lga olish uchun kuch ishlatishga majbur bo‘ldi. 

Rossiya elchixonasi

Moldova poytaxti Kishinyovda Mercedes rusumli avtomashina haydovchisi Rossiya elchixonasi darvozasiga kelib urildi, shundan so‘ng u qochishga urindi, biroq ta’qibga uchraganidan so‘ng politsiya tomonidan qo‘lga olindi, deb xabar berdi Moldova Ichki ishlar vazirligi chorshanba, 2 avgust. 

Xabarda aytilishicha, politsiya huquqbuzarning mashinasini Strasheni shahriga ketayotganda aniqlagan. Politsiya avtomobilni to‘xtatishni bir necha bor talab qilishiga qaramay, haydovchi harakatni davom ettirib, yo‘lda yana ikkita mashinani urib ketdi. Yakunda politsiya Strasheni tumanida mashinani majburan to‘xtatdi. Politsiya hech kim jabrlanmaganini ma’lum qilmoqda. 

Rossiyaning Kishinyovdagi elchixonasi hozircha voqea yuzasidan izoh bermadi. Bir necha kun oldin rossiyalik jurnalist va faol Arkadiy Babchenko Tallindagi Rossiya elchixonasi binosiga politsiya ko‘z o‘ngida tuxum uloqtirgan, shundan so‘ng qo‘lga olingan edi. 

Moldova hukumati fevral oyida mamlakatda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani, harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan diversantlar tez orada hukumat binolariga hujum qilib, asirlarni garovga olishi mumkinligini aytgan edi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina razvedkasi «Rossiyaning Moldovadagi siyosiy vaziyatni yo‘q qilish rejasini» to‘xtatganini aytdi. Shundan so‘ng mamlakatda mitinglar bo‘lib o‘tdi, ammo vaziyat keskinlashmadi. 

Iyul oyida Moldova hukumati Rossiya Federatsiyasining «ko‘plab nodo‘stona harakatlari»ga javoban Rossiyaning Kishinyovdagi elchixonasi xodimlarini o‘n nafar diplomat va 15 texnik xodimga qisqartirishga qaror qildi. 

Mavzuga oid
Top