Ukraina qarshi hujumining uzoq kutilgan dastlabki bir necha haftasi AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan tayyorlangan va qurollantirilgan qo‘shinlarga foyda keltirmadi. Rossiyaning zich minalangan maydonlari, shuningdek artilleriya va vertolyotlardan doimiy o‘qqa tutishi muammoning asosi bo‘ldi, deb yozdi The New York Times.
AQSh rasmiylari va mustaqil tahlilchilarga ko‘ra, G‘arbda tayyorgarlikdan o‘tgan Ukraina brigadalari endi vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilmoqda. Ukraina harbiylari o‘q yomg‘iri ostida minalangan maydonlarga tashlanish o‘rniga Rossiya kuchlarini artilleriya va uzoq masofaga uchuvchi raketalar bilan yo‘q qilishga e’tibor qaratib, taktikani o‘zgartirmoqda. Mamlakat janubida qo‘shinlar tarkibi to‘ldirilmoqda, G‘arb tomonidan tayyorlangan kuchlarning ikkinchi to‘lqini Rossiya pozitsiyalarini yorib o‘tish uchun asosan kichik otryadlar bilan hujum qilmoqda.
Ammo dastlabki natijalar kutilganidayek bo‘lmadi, deb ta’kidladi nashr. Ukraina kuchlari bir necha qishloqni qaytarib olgan bo‘lsa-da, o‘tgan yil kuzda Xerson va Xarkivdagi kabi katta yutuqlarga erisha olgani yo‘q. G‘arbda jangovar manyovrlarga murakkab tayyorgarlik ko‘rish ukrainaliklarga Rossiya artilleriyasi oldida katta ustunlik bermadi.
Ukrainaning taktikani o‘zgartirish haqidagi qarori NATO uchun aniq signaldir. Bu G‘arb tomonidan ukrainalik harbiylarni tayyorlash sifati va Bayden ma’muriyati tomonidan taqdim etilgan o‘nlab milliard dollarlik qurol-yarog‘lar samarasi haqidagi savollarni keltirib chiqaradi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z strategiyasi Ukraina va uning ittifoqchilarini holdan toydirib, urushda g‘alaba qozonish ekanini aniq bildirmoqda. AQSh rasmiylari Ukrainaning eski taktikaga qaytishi bilan qimmatli qurollar yo‘qotilishi xavfidan xavotirda, bu esa Putinga qo‘l kelishi va tinka qurituvchi urushda Ukrainani noqulay ahvolga solib qo‘yishi mumkin.
Bayden ma’muriyati G‘arbda tayyorlangan 36 ming kishidan iborat to‘qqizta brigada Amerika urush uslubi Rossiyanikidan ustun ekanini ko‘rsatishiga umid qilishgan edi. Mashqlarning katta qismi Ukraina qo‘shinlariga mudofaada qolishdan ko‘ra, hujumga o‘tishni o‘rgatishdan iborat edi. Ukraina kuchlari yillar davomida rossiyaparast ayirmachilarning hujumlariga qarshi himoyalanish taktikasini qo‘llagan. O‘tgan yili Moskva keng ko‘lamli bosqinni boshlaganida, Ukraina qo‘shinlari mudofaa operatsiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va bu Rossiyani kutilgan tezkor g‘alabadan mahrum qildi.
















